Oʻzbekistonda gematologiya va onkologik kasalliklarni samarali davolashning zamonaviy bosqichiga asos solinadi

12:40 29 May 2021 Jamiyat
640 0

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Aytish kerakki, bu qaror mazmun-mohiyatiga koʻra tibbiyotning ushbu yoʻnalishida shu kunga qadar yechimini kutayotgan masalalarni ijobiy hal qilish barobarida sohani yangi, innovatsion bosqichga koʻtaradi, desak toʻgʻri boʻladi. Birinchi navbatda sohada aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, koʻlami va samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda. Ikkinchidan, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlashga xizmat qiladi.

Koʻpchilik yaxshi biladi suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini koʻchirib oʻtkazish tibbiyotda juda qimmat va koʻp mehnat talab qiladigan jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Negaki, suyak koʻmigi transplantatsiyasi ogʻir qon kasalliklarini davolashda asosiy choralardan biri hisoblanadi. Shu kunga qadar ushbu dardga chalingan bemorlar ayniqsa yosh bolalar davolanish uchun xorijga ketishga majbur boʻlayotgan edilar.

Qarorda ushbu masala yuzasidan aniq amaliy vazifalar belgilab berildi. Xususan, 2021-yil 1-sentyabrga qadar Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi negizida 300 oʻrinli zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Bunda kadrlar salohiyatini oshirish, zarur tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash va boshqa tashkiliy masalalar ham aniq koʻrsatib berildi.

Eʼtiborga molik jihati bu ishlarning moliyaviy manbalari ham aniq belgilab berildi. Unga koʻra Moliya vazirligi onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021-yilda qoʻshimcha 60 milliard soʻm hamda 2022-yildan boshlab 125 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishini taʼminlaydi.

Xalqimizda kasalni davolagandan koʻra uni oldini olgan afzal degan gap bor. Shu maʼnoda qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etish, aholining onkogematologik savodxonligini oshirish, shifokorlarining gematologik va onkologik kasalliklar toʻgʻrisidagi hushyorligini oshirish, gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etishning maqsadli koʻrsatkichlari belgilab berildi.

Bu esa ushbu kasallikni erta aniqlash va oʻlim holatlarining kamayishiga katta yordam beradi.

Umuman olganda mazkur qarorning ijrosi xalq tilida “oqqon” nomi bilan ataladigan kasallik – leykozni samarali va tizimli davolashning zamonaviy bosqichiga asos soladi.

Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?