Oʻzbekistonda elektron chiqindilarni samarali boshqarishga doir forum oʻtkazilmoqda
Toshkentda “Oʻzbekistonda elektron chiqindilarni boshqarish: hozirgi holat va keyingi qadamlar” Milliy forumi boʻlib oʻtmoqda. Forum “Elektron chiqindilarning milliy monitoringi: Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston” loyihasi doirasida oʻtkazilmoqda.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan maʼqullangan va qoʻllab-quvvatlangan mazkur loyiha BMTning Taʼlim va tadqiqot instituti (UNITAR) tomonidan Germaniyaning Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federal vazirligi hamda Germaniya atrof-muhit agentligi koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Barqaror rivojlanishga koʻmaklashish markazi tomonidan “EKOMAKTAB” Ekologik resurs markazi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi, Germaniya atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi, BMTning Taʼlim va tadqiqot instituti (UNITAR) va Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhit dasturi (UNEP), Risklarni boshqarish tizimlari markazi (RTS), Oʻzbekiston Statistika agentligi, bojxona nazorati, shahar va viloyatlar hokimliklari, chiqindilarni boshqarish boʻyicha xalqaro ekspertlar, elektron va elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar, chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash tashkilotlari vakillari, tarmoq birlashmalari va nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari vakillari ishtirok etmoqda.
Maʼlumot uchun, “Oʻzikkilamchiranglimetall” AJ tomonidan 2019-yilda 91,7 ming tonna, 2020-yilda 183 ming tonna, 2021-yilda 216 ming tonna, 2022-yilda esa 33,8 ming tonna elektron chiqindi qayta ishlashga qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 171-sonli qaroriga muvofiq, elektr energiyasi manbalari – akkumulyator, batareyka va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning masʼuliyatini oshirish maqsadida amaliy nazorat tizimi joriy etildi.
UNITAR maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda ekologik toza usulda yigʻilmagan va qayta ishlanmagan chiqindilar hajmi 2030-yilga kelib 1,2 million tonnaga, 2050-yilga kelib esa 5,6 million tonnaga yetishi mumkin. Shu bilan birga, 2050-yilga kelib boshqarilmaydigan chiqindilar tarkibidagi qoʻrgʻoshin va simob miqdori deyarli 1,4 ming tonnaga yetadi.
Taʼkidlash joizki, elektron chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash faol rivojlantirilsa, ularning salbiy taʼsiri sezilarli darajada kamayadi va bu chiqindilarni qayta ishlashning iqtisodiy samarasi yaxshilanadi. Masalan, 2050-yilda hosil boʻladigan chiqindilarning umumiy hajmidan 1,1 million tonnadan ortiq temir, 195 ming tonna alyuminiy, 392 ming tonna plastmassa qayta ishlanishi mumkin.
Forum doirasida “Elektron chiqindilar: muammolar va imkoniyatlar”, “Elektron chiqindilarni boshqarish boʻyicha xalqaro tajriba”, “Oʻzbekistonda elektron chiqindilar: statistika, boshqarish usullari va dolzarb muammolari”, “Elektron chiqindilarni qayta ishlash prognozlari – bu nima uchun muhim”, “Oʻzbekistonda elektron chiqindilarni boshqarish tizimini yanada rivojlantirish”, “Elektron chiqindilar uchun ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan masʼuliyatini (EPR) amalga oshirish” kabi mavzularda bir qator sessiyalar tashkil etiladi.
Forum davomida Markaziy Osiyoda elektron chiqindilarni boshqarish siyosatini rivojlantirishga hissa qoʻshish uchun platforma yaratish, manfaatdor tomonlarning elektron chiqindilarni boshqarish sohasida tajriba almashishi uchun sharoitlar yaratish va Oʻzbekistonda ushbu tizimni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, elektron chiqindilarni boshqarish boʻyicha strategik rejalarni birgalikda amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sohasi va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va boshda muhim masalalar muhokama qilinmoqda.
Forum 29-noyabrgacha davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring