O‘zbekistonda bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha vakil instituti joriy qilinadi

16:25 20 Iyul 2018 Jamiyat
5016 0
Foto: zamin.uz

Bugun dunyoning 30 dan ortiq davlatlarida Bolalar ombudsmani faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etishdan iboratdir. O‘zbekistonda ham mazkur institutni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etgan davra suhbatida bu haqda batafsil so‘z yuritildi. Unda YUNISЕFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ishtirok etdi.

Mamlakatimiz aholisining 30 foizi yoki 10 milliondan ortig‘ini aynan yoshlar va bolalar tashkil etadi. Shu bois xalqaro ekspertlar bu haqda to‘xtalganda, “O‘zbekiston yosh, mustaqil va dinamik tarzda rivojlanayotgan davlat” ekaniga alohida urg‘u beradi. Bu esa, o‘z navbatida, bolalar va yoshlarning jismoniy, intellektual hamda ma’naviy-axloqiy rivojlanishini yuqori darajada ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdimoti soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlarni o‘zaro muhokamaga chorladi.

— Bugun O‘zbekistonda bolalikni himoya qilish milliy tajribasi Konstitutsiya, kodekslar, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi kabi 100 dan ortiq qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda aksini topgan, — dedi o‘z chiqishida qo‘mita raisi Akmal Saidov. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida ish boshlaydigan Bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha vakil sohada davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati hamda jamoatchilik boshqaruvini rivojlantiradi. Bolalar va yoshlarning murojaatlari bilan ishlashning yangi shakl va tartiblarini ishlab chiqadi. Jamiyatning eng yosh fuqarolari bilan muloqot qilish, ularning muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish ham uning mas’uliyatidagi vazifalardan. Yangi qonun yosh avlod huquqlarini himoya qilishning mukammal milliy tizimini yaratadi.

Davra suhbatida muhokama qilingan qonun loyihalari va ularning xalqaro ekspertizasida YUNISЕFning ishtirokini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер