Oʻzbekistonda birinchi dual taʼlim tizimi tashkil etilmoqda

U mamlakatimizda birinchi boʻlib Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda “BCT Cluster” va “TST Cluster” klasterlari hamkorligida yoʻlga qoʻyilmoqda.
Ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish va bozor talablari asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash shu kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi. Mamlakatimiz rahbarining taʼlim tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish gʻoyasi zamirida ana shu maqsad yotibdi.
Eʼtiborlisi, davlat-xususiy sheriklik tamoyili mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida birinchi boʻlib Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu borada yaqin hamkor sifatida Buxorodagi “BCT Cluster” va Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterlari tanlandi. Institut va shu ikki klaster oʻrtasida “Kadrlarni maqsadli tayyorlash, oʻquv-ilmiy va marketing sohalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik” toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Shu tariqa tomonlarning davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamkorligiga mustahkam zamin yaratildi.
Kuni kecha Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, “OSIYO RAMZI” respublika dizaynerlar assotsiatsiyasi rahbari, Parij xalqaro modalar akademiyasi vitse-prezidenti Xolida Komilova rahbarligida taʼlim dargohining bir guruh vakillari “BCT Cluster”paxta-toʻqimachilik klasterining Buxoro shahridagi zamonaviy toʻqimachilik majmuasiga tashrif buyurdilar. Ular oʻzida beshta fabrikani birlashtirgan majmuadagi paxta tolasini chuqur qayta ishlash texnologiyasi bilan yaqindan tanishdilar.
— Klasterda barcha ish jarayoni zanjirli, — deydi X. Komilova. — Biz taʼlimda ham xuddi shunday tizimni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Kadrlar tayyorlashda nafaqat institut, balki maktab – kollej – texnikum – oliy oʻquv yurti tizimi ishlashi kerak. Institutimizda klaster talabidan kelib chiqqan holda barcha boʻgʻindagi malakali mutaxassislarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib borilmoqda. Aniqroq qilib aytganda, dual taʼlim tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Bu taʼlim tizimiga Germaniyada asos solingan. Bugungi kunda u Yevropa Ittifoqi hamda boshqa bir qator davlatlarda joriy etilgan. Unga koʻra, Germaniyada uch oylik oʻqish, uch oylik ish tamoyili amal qiladi. Biz esa taʼlimni ishdan ajralmagan holda yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bunda maxsus oʻquv-reja va dasturlar ishlab chiqilib, mobil, yana-da aniqroq aytganda, moslashuvchan taʼlim tizimi tanlanadi. Shu tamoyil asosida professor-oʻqituvchilarimiz klaster tizimidagi korxonalarda kuning birinchi yarmida stajirovka oʻtaydilar. Kunning ikkinchi yarmida esa klaster ishchilariga taʼlim beradilar.
Buning afzal jihatlari koʻp. Professor-oʻqituvchilar jarayondan muntazam xabardor boʻlishadi. Yangi texnologiya kirib kelsa, buni ular oʻz koʻzlari bilan koʻrishadi, bilishadi. Toʻqimachilik sanoatida texnologiyalar har uch yilda yangilanadi. Moda har yili oʻzgaradi. Demak, yangi mato paydo boʻlayapti. Uning strukturasi boshqa, fakturasi, rangi boshqa. Binobarin, bizning ishchi-xodimlarimiz ham shu yangilanishlarga tayyor turishlari, moslashuvchan boʻlishlari kerak. Bir soʻz bilan aytganda, hayotning oʻzi zamonaviy bilim va texnologiyalarni oʻzlashtirgan yangi avlod kadrlarini tayyorlashni taqoza etmoqda.
— Keyingi uch-toʻrt yil ichida barcha sohada inqilobiy oʻzgarishlar boʻlayapti, — dedi oʻz navbatida iqtisod fanlari doktori, professor, Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlari rahbari, senator Murtazo Rahmatov. — Shulardan biri qishloq xoʻjaligini qamrab oladi. Men sohada klasterlarning joriy etilganini nazarda tutayapman. Bilasiz, mana ikki yildirki, biz muhtaram Prezidentimiz gʻoyalari bilan Buxoroda chigit ekishdan tortib, xom ashyoni chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan zanjirsimon jarayonni yoʻlga qoʻydik. Yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarayapmiz. Tajriba koʻrsatayaptiki, ilm-fan va texnika yutuqlari ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʻlanmasa muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi. Shu boisdan ham Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda boshqa bir qator oliy oʻquv yurtlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Tajribali professor-oʻqituvchilar, olimlarning tavsiyalari asosida ishlayapmiz. Shu oʻrinda bir muhim masala xususida toʻxtalib oʻtish lozim. Boshqa yoʻnalishlar qatorida toʻqimachilik sohasida ham malakali mutaxassislarga ehtiyoj katta. Biz hozircha xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda bu masalaga yechim topib turibmiz. Asosiy muammo shundaki, oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash tizimli yoʻlga qoʻyilmagan, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi uzilib qolgan. Biz davlat-xususiy sheriklik asosida, avvalo institut va klaster oʻrtasida integratsiyani chuqurlashtirib, nazariya hamda amaliyot uygʻunligiga erishish maqsadidamiz.
Uchrashuv yakunida taʼkidlanganidek, davlat-xususiy sheriklik asosida olib boriladigan dual taʼlim tizimi maktabdan to doktoranturagacha boʻlgan bosqichlarni toʻliq qamrab oladi. Bu esa malakali kadrlar tayyorlash, Oʻzbekiston iqtisodiyotini keskin rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- Shomurodovning koʻz yoshlari, Fayzullayevning raqsi va muxlislar hayqirigʻi — Mundial eshiklarini ochgan oʻyindan fotoreportaj
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring