Oʻzbekistonda «Abay Qoʻnonboyevning merosi kunlari» oʻtkaziladi
Foto: Illustrativ foto
5–10-dekabr kunlari Oʻzbekistonda qozoq xalqining atoqli namoyondasi «Abay Qoʻnonboyevning merosi kunlari» oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun, Abay 1845-yilda Qozogʻistonning Semey viloyatiga qarashli Ayakoʻz tumanining Chingaztogʻ yonbagʻrida joylashgan Qorauy ovulida boy xonadonda tugʻilgan. Otasi Qoʻnonboy Semeyning eʼtiborli boylaridan boʻlgan. Shoirning asl ismi Ibrohim boʻlib, onasi Uljon va otasining onasi Ziyrak momo tomonidan erkalanib, Abay deb chaqirilgan. Keyinchalik bu nom shoirning taxallusiga aylangan.
Abay oʻz ijodida Yassaviy, Navoiy, Fuzuliy anʼanalarini davom ettirgan. U Navoiyni oʻzining buyuk ustozi deb bilgan. Abay “Iskandar”, “Masʼud” dostonlari, “Qorakoʻz” falsafiy didaktik asari, “Qish”, “Burgutchi”, «Kuz» kabi sheʼrlari, “Azim kissasi” dostoni, “Naqliya soʻzlar” (44 hikoyatdan iborat) majmuasi va boshqa asarlar muallifi hisoblanadi.
Qayd etish joizki, «Abay Qoʻnonboyevning merosi kunlari» doirasida bir qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, adib ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etish (Semey shahridagi “Jidebay-Borili” davlat tarixiy-madaniy va adabiy yodgorlik muzey-qoʻriqxonasi bilan birgalikda) koʻzda tutilgan. Shuningdek, Oʻzbekistonning oʻrta va oliy oʻquv muassasalarida ikki davlatning taniqli shoir, yozuvchi va olimlari ishtirokida Abay hayoti va ijodiga bagʻishlangan ijodiy kecha, Milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli namoyishi, oliy oʻquv yurtlarining gumanitar fakultetlarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari ishtirokida Abay ijodiga bagʻishlangan maʼruzalar oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan birgalikda “Abay falsafasi va Markaziy Osiyo mutafakkirlari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi. Qolaversa, tadbirdan “XIX asrda oʻzbek va qozoq mutafakkirlarining umumiy tarixiy-madaniy merosi va dunyoqarashini mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusidagi ilmiy konferensiya, Abay hayoti va ijodi haqida hujjatli film namoyishi ham oʻrin olgan.
Shu bilan birga, tadbir doirasida Toshkent, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Abay ijodiga bagʻishlangan madaniy-ijodiy kechalar tashkil etiladi.
«Abay Qoʻnonboyevning merosi kunlari» tadbirini oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash hamda Qozogʻiston prezidentining Toshkentga boʻlajak davlat tashrifi dasturini mazmunan boyitishdir.
Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya, Fanlar Akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Kinematografiya agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Milliy teleradiokompaniya va Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring