Oʻzbekiston yoki Qirgʻiz Respublikasi. Qaysi jamoa kuchliroq?

11:09 05 Sentyabr 2025 Sport
305 0

Bugun Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan “CAFA National Cup” musobaqasining “A” guruhida uchinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Tur doirasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qirgʻiz termasi bilan kuch sinashadi. Bugun oʻyin oldidan ikkala jamoani oʻzaro taqqoslab koʻramiz.

Umumiy koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingda 1449,12 ball jamgʻargan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu ayni paytda Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanini bildiradi.

Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi esa ayni paytda FIFA reytingida 1208 ball toʻplagan holda 104-oʻrinni egallab turibdi. Bu oʻz navbatida qirgʻizlar Osiyo miqyosida 17-oʻrinda ekanini bildiradi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” turnirida shu vaqtga qadar 6 ta oʻyin oʻtkazgan. Ulardan 4 tasi jamoaning gʻalabasi bilan yakunlangan. 1 ta bahsda esa magʻlubiyat qayd etilgan. Shuningdek, bu yilgi mavsumdagi birinchi oʻyin durang natija bilan tugagan.

Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi esa ushbu musobaqa doirasida jami 5 ta oʻyin oʻtkazgan. 1 ta oʻyinda gʻalaba qozongan va yana 1 ta oʻyinda durang oʻynagan. 3 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchragan. Taʼkidlash kerakki, ushbu jamoalar “CAFA National Cup” musobaqasida birinchi bor toʻqnash kelishmoqda.

Murabbiylar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasini isteʼdodli murabbiy Timur Kapadze boshqarmoqda. 1-tur oʻyinidan keyin Timur Tohirovichning kayfiyati yaxshi emasligini aniq koʻrdik. Bunga Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga boshqa murabbiy kelishi bilan bogʻliq holat sabab boʻldi, katta ehtimol.

Lekin oʻyin oldidan bu gap-soʻzlar ancha tinib qoldi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga kelishi aytilgan portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentuning Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi bilan muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida xabarlar chiqdi. Koʻp ehtimol, endi yangi nomzod topilguncha bu gaplar qayta aytilmaydi.

Oʻz navbatida ushbu holat Timur Kapadzega terma jamoada qolish uchun qoʻshimcha imkoniyat berishi mumkin. Yaʼni, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻz oldida turgan 2 ta muhim oʻyinda gʻalaba qozonishni uddalasa, balki OʻFA aynan Kapadze bilan ishlashda davom etishi ham mumkin. Nima boʻlgan taqdirda ham musobaqa oʻtayotgan paytda bosh murabbiyning oʻzgarishi masalasi muhokama qilinmayotgani yaxshi holat.

Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasini esa ayni vaqtda 34 yoshli mutaxassis Urmat Abduqaimov boshqarmoqda.

U 1991-yilning 5-noyabr sanacida Bishkeκ shahrida tugʻilgan. 2008-yildan professional futbolchilik faoliyatini boshlagan. Faoliyati davomida “Dordoy”, “Qambar-Ata”, “Algʻa”, “Qara-Balta” kabi jamoalarda toʻp surgan. Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasining turli yosh toifalaridagi jamoalarida oʻynagan.

Urmat Abduqaimov 2022-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. Ayni shu yili u Qirgʻiziston Oliy ligasi vakili “Talant” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. 2023-yil “Talant” jamoasi bosh murabbiyi sifatida Qirgʻizistonda “yil murabbiyi” deb eʼtirof etilgan.

Abduqaimov Osiyo Futbol Konfederatsiyasining “A”, “B” va “C” toifadagi murabbiylik litsenziyalariga ega mutaxassis.

2025-yilning 14-iyul sanacida Urmat Abduqaimov Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasining vaqtinchalik bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Uning boshqaruvida Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi 2 ta oʻyinda maydonga tushdi. Turkmaniston terma jamoasi bilan durang oʻynadi. Oʻmon Sultonligi termasiga magʻlub boʻldi. Oʻzbekistonga qarshi bahs Abduqaimovning terma jamoadagi uchinchi oʻyini boʻladi.

Futbolchilar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadigan futbolchilar — legionerlar hisoblanadi. Terma jamoamiz yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda toʻp surishmoqda.

Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasining ham asosini legioner futbolchilar tashkil etishadi. Ushbu yurt vakillari Oʻzbekiston, Ukraina, Rossiya, Belarus, Vyetnam, Indoneziya kabi mamlakatlarda faoliyat olib borishmoqda.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer ligasida 3-turidan oʻrin olgan “Brayton” – “Manchester Siti” oʻyinida jarohat oldi va ushbu musobaqada terma jamoamizga yordam bera olmasligi aniq boʻldi. Oʻzbekiston terma jamoasining ayni vaqtdagi eng qimmat futbolchisi endi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 8 million yevroga baholamoqda.

Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasining eng qimmat futbolchisi esa “Transfermarkt” portaliga koʻra Joyel Kodjo. Fargʻonaning “Neftchi” klubida faoliyat yuritayotgan mazkur futbolchining narxi 600 ming yevroga baholanmoqda.

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Qirgʻiz Respublikasi tarixan eng qulay raqib hisoblanadi. Ushbu jamoalar oʻzaro 12-marta toʻqnash kelishgan va bu oʻyinlarning barchasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi gʻalaba qozongan.

Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasining eng noqulay raqibi ham aynan Oʻzbekiston termasi hisoblanadi. Ushbu yurt vakillari eng koʻp magʻlubiyatini aynan Oʻzbekiston terma jamoasidan qabul qilib olgan.

Jamoalar soʻnggi bor 2025-yilning 20-mart sanacida oʻzaro toʻqnash kelishgan va unda Oʻzbekiston terma jamoasi Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritilgan gol evaziga 1:0 hisobida gʻalaba qozongan.

Ushbu oʻyindagi imkoniyatlar

Bu soʻnggi tur va har ikki jamoaning taqdiri aynan shu turda hal boʻladi. Bugun Oʻzbekiston milliy terma jamoasi finalga chiqmoqchi boʻlsa, yiriqroq hisobda gʻalaba qozonishi talab etiladi. Boisi, bugun Oʻmon Sultonligi terma jamoasi Turkmanistonni magʻlub etsa va Oʻzbekiston termasi oʻz oʻyinini gʻalaba bilan tugatsa, ikki jamoaning ochkolari tenglashadi va finalchi toʻplar nisbatiga koʻra aniqlanadi.

Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi ham guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolgan. Bugun qoʻlga kiritiladigan gʻalaba “qirgʻizlar”ni keyingi bosqichga olib chiqadi.

Shunday ekan, har ikki jamoa uchun gʻalaba har doimgidan-da koʻproq kerak. Mezbon faktori va futbolchilarning darajasi oʻlaroq solishtirsak, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “qogʻoz”da favorit, amalda nima boʻladi? Bugun bilib olamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер