Oʻzbekiston – yashil iqtisodiyot va ekologik barqarorlik yoʻlida
Muhtaram Prezidentimizning “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi “yashil” rivojlanish va barqaror energetika tizimini rivojlantirishga bagʻishlangan nutqi mamlakatning ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi qatʼiy qarorlarini yanada mustahkamlaydi. Ushbu nutq iqlim oʻzgarishi va global energiya muammolariga javob berish borasida Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda olib borayotgan tashabbuslarini samarali aks ettirgani bilan ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qildi. Bu nafaqat mamlakatimizning oʻz ichki rivojlanishiga, balki global iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashdagi masʼuliyatini ham yaqqol namoyon qiladi. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish, iqlim oʻzgarishini yumshatish va tabiiy resurslarni tejamkorlik bilan ishlatish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.
Oʻzbekistonning investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni oshirish hamda zararli gazlarni monitoring qilish va emissiya savdo tizimlarini joriy etish kabi tashabbuslari mamlakatning global iqlim siyosatidagi oʻrni va masʼuliyatini koʻrsatadi. Bularning barchasi Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda nafaqat oʻzining, balki butun mintaqaning hissasini sezilarli darajada oshirishga qaratilgani bilan muhim hisoblanadi.
Shuningdek, sammitda davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga boʻlgan katta salohiyati mavjudligi sabab Markaziy Osiyo va uning energetik resurslaridan toʻliq foydalanish gʻoyasi yanada ilgari surilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishdir.
Birlashgan Arab Amirliklari bilan energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va “Masdar” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, albatta, Oʻzbekistonning “yashil” rivojlanish tamoyiliga boʻlgan sodiqligini va dunyo miqyosida barqaror energetika tizimlarini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarga oʻzining munosib hissa qoʻshilishini anglatadi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning ilmiy markazlar, ekspertlar va olimlar bilan hamkorlikda “Green university” ni tashkil etishi va ilmiy tadqiqotlar boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surishi, mintaqada ekologik muammolarni hal qilishda yangi imkoniyatlarni yaratish borasida sezilarli yutuqlarni keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, “Yashil makon” dasturi va qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar mamlakatimizda ekologik toza rivojlanishni taʼminlashda muhim qadam hisoblanadi.
Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda qoʻshgan hissasi, ayniqsa, Markaziy Osiyoda muhim. Mintaqada “yashil” energiya va ekologik barqarorlikka oʻtish uchun kuchli hamkorlik va kelajakdagi izchil strategiyalar kerak. Bu borada Oʻzbekiston oʻzining ilgari surgan tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo va butun dunyoda iqlim oʻzgarishini yumshatish va barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim oʻrinni egallashi uchun imkoniyati yetarli.
Muhtaram davlatimiz rahbari maʼruzasi davomida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan tayyorligi bu borada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning oʻziga xos ahamiyatini yanada oshiradi.
Oʻzbekistonning bugungi iqlim siyosati nafaqat uning iqtisodiy va ekologik barqarorligini taʼminlaydi, balki butun dunyo boʻyicha iqlim oʻzgarishi masalasida salbiy oqibatlarni bartaraf etishga qaratilgan jahon miqyosidagi harakatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida xizmat qiladi.
Umuman olganda, Oʻzbekistonning “yashil” rivojlanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslari, mamlakatning dunyo miqyosida oʻzining masʼuliyatli pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) oʻrtasidagi Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi ikki davlatning oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi darajaga koʻtarish borasidagi jiddiy niyatini aks ettiradi. Ushbu hujjat, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar doirasida amalga oshiriladigan yangi tashabbuslar va loyihalar uchun mustahkam asos yaratadi.
Shuningdek, madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma imzolanishi ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy almashuvni rivojlantirish va xalqlarni yanada yaqinlashtirishga yordam beradi. Madaniy almashuvlar nafaqat turizm, balki xalqaro diplomatiya va xalqaro munosabatlar sohasida ham alohida oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi bu yangi kelishuvlar nafaqat ikki mamlakatning manfaatlariga xizmat qiladi, balki butun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu, albatta, yangi global iqtisodiy sharoitda muvaffaqiyatli rivojlanishning asosiy omillaridan biriga aylanadi.
Eldor Shermanov,
Yunus Rajabiy nomidagi OʻzMMSI rektori v.b.,
pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring