Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari boʻlib oʻtgan muzokaralarning samarali natijalarini qayd etdilar
Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi tarixiy voqea boʻlgani hamda Oʻzbekiston – Qozogʻiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida muhim bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tashrif doirasida Oliy Davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda ikki tomonlama kun tartibining muhim jihatlari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Qozogʻiston Oʻzbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri ekani taʼkidlandi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 15 foizga oʻsib, qariyb 4 milliard dollarga yetdi. Uning hajmini 2030-yilga borib, 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha kompleks ishlar olib borilmoqda. “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining ochilishi tashrifning muhim voqeasi boʻldi.
Ushbu ilgʻor loyiha mamlakatlarimiz oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish va zamonaviy qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.
Shuningdek, ustuvor sohalarda umumiy qiymati 1,3 milliard dollarlik yangi loyihalarga start berildi.
Bundan tashqari, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari batafsil muhokama qilindi. Zamonaviy transport yoʻlaklarini birgalikda rivojlantirish, chegaraoldi infratuzilmasi samaradorligini oshirish, yuk tashishlarni, jumladan, Aqtau va Quriq portlari orqali ragʻbatlantirishga kelishib olindi.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, anʼanaviy va muqobil energetika boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish strategik yoʻnalish sifatida belgilandi.
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhim ahamiyatga ega. Bu yil Olmaota va Ostonada “Lazgi” baleti namoyishi, rassomlar koʻrgazmasi, adiblar forumi va yoshlar festivali katta muvaffaqiyat bilan oʻtdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston tibbiyoti kunlari aholida katta qiziqish uygʻotib, iliq taassurot qoldirdi.
Fan va taʼlim muassasalari, ijodiy va yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi almashinuvlarni faollashtirish, turizm sohasidagi qoʻshma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini yana bir bor taʼkidladilar. Shu maʼnoda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
Ertaga Toshkentda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy integratsiya va butun Markaziy Osiyoda birdamlikni mustahkamlash jarayonlariga yangi surʼat bagʻishlashi alohida taʼkidlandi.
Koʻp tomonlama, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
– Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevichning tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yuksak darajada ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ikki tomonlama sheriklikni aniq mazmun bilan boyitishi, qoʻshma loyihalar uchun yangi ufqlar ochishi, birodar davlatlarning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring