Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini oʻtkazdi

14:00 23 Avgust 2024 Siyosat
163 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Koʻksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini oʻtkazdilar.

Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida taʼkidladi.

“Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga koʻtarishga muvaffaq boʻldik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, koʻp qirrali hamkorlikni ilgari surish va uni aniq mazmun bilan boyitishning samarali mexanizmiga aylanishi lozim boʻlgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Parlamentlar, hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar oʻrtasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, forum va koʻrgazmalar, koʻplab madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda. Ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlik kengaymoqda.

Tashrif doirasida Prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtadi va yangi kooperatsiya loyihalariga start beriladi.

Taʼkidlanganidek, kelgusi yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30-yilligi nishonlanadi.

Davlatimiz rahbari ushbu qutlugʻ sanani keng nishonlash maqsadida tadbirlar dasturi va bir yilga moʻljallangan Idoralararo muloqot va almashinuvlar rejasini tayyorlashni taklif etdi.

Bundan tashqari, kelgusi yilni Oʻzbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb eʼlon qilish va 20 ta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga oʻtish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Kuni kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi: umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu energetika, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalaridir.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash vositasi sifatida samarali ish olib borayotgani qayd etildi.

Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan koʻp tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, yer usti va havo transporti boʻyicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirish, raqamli yechimlarni joriy etishga kelishib oldilar.

Hududlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. 2025-yilga moʻljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qoʻqon shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar va axborot siyosati, sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Prezidentlarning farmonlari bilan taniqli madaniyat arboblari Farrux Zokirov va Poʻlat Bulbul oʻgʻliga mamlakatlarimiz “Xalq artistlari” unvoni berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat yetakchi universitetlari rektorlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma media forumini oʻtkazish taklifini bildirdi.

Oʻzaro sayyohlar oqimini, gumanitar va biznes almashinuvlarni koʻpaytirish maqsadida poytaxtlarimizda turizm va ishbilarmonlik majmualarini qurish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, hamkorlik salohiyatini chuqur tahlil qilish va yuzaga chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Yigʻilish yakunida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер