Oʻzbekiston va Ozarbayjon parlament aʼzolari strategik hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan panel sessiyasini oʻtkazdi

11:01 01 Iyul 2025 Siyosat
143 0

Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov olgan suratlar/Xalq soʻzi

Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi doirasida “Strategik hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning roli: qonunchilik tashabbuslari, yuqori darajadagi kelishuvlar va ularning bajarilishini nazorat qilish” mavzusidagi panel sessiyasi boʻlib oʻtdi.

 

Mazkur sessiyada Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalari va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev hamda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisining Huquqiy siyosat va davlat qurilishi qoʻmitasi raisi Ali Guseynli moderatorlik qilishdi.

Sessiyada ikki mamlakat parlament aʼzolari parlament nazorati yuzasidan dolzarb masalalar, qonunchilik tashabbuslari va ularning ijrosini atroflicha muhokama qildi.

Shuningdek, yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amalda bajarilishini taʼminlash, ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati va OAV bilan samarali hamkorlikni tashkil qilish kabi muhim yoʻnalishlar boʻyicha fikr almashildi.

Qonun ustuvorligi, ochiqlik, hisobdorlik, byudjet nazorati, korrupsiyaga qarshi kurashish ustidan parlament nazorati, inson huquqlari va demokratik institutlar himoyasi sessiyada muhokama qilingan asosiy mavzulardan boʻldi.

Ishtirokchilar parlamentlar oʻrtasida eng yaxshi tajriba almashish va parlament diplomatiyasini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

Forum doirasida “Iqtisodiy taraqqiyotni parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash: biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida panel sessiyasi oʻtkazildi.

 

Mazkur sessiya davomida ikki mamlakatning iqtisodiy rivoji uchun parlamentlar tomonidan qonunchilik asoslari yaratish, investorlar uchun qulay muhit shakllantirish, kichik biznesni ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi.

Imtiyozli soliq va kredit siyosati, soddalashtirilgan tartib-taomillar, savdo va investitsiya bitimlarini qonuniy asosda mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish borasida parlament tashabbuslari taqdim etildi.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyot, mobil startaplar, moliyaviy texnologiyalar, yashil texnologiyalar va ekologik loyihalarga investitsiya jalb etish boʻyicha ham fikrlar bildirildi.

Sessiya yakunida parlamentlar biznes hamjamiyati bilan bevosita muloqotda boʻlishi va iqtisodiy siyosatni qonunchilik orqali qoʻllab-quvvatlashi zarurligi qayd etildi.

Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV, Otabek SAIDAHMADOV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер