Oʻzbekiston va Ozarbayjon investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga oʻtmoqda

19:59 24 Fevral 2023 Siyosat
752 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 24-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirliklari va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik yuksak darajada boʻlib, ijobiy va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turgani taʼkidlandi.

Muloqot chogʻida 2022-yilda 53 foizga oʻsgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Koʻzlangan maqsad – koʻrsatkichlarni 1 milliard dollarga yetkazish. Bunga, jumladan, neft-kimyo mahsulotlari, ruda va konsentratlar, alyuminiy, oziq-ovqat mahsulotlari, mexanik va elektrotexnika uskunalari, toʻqimachilik va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berishni koʻpaytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonning “Bravo”, “Bazarstor”, “Araz”, “Bolmart” kabi yirik savdo tarmoqlari bilan meva-sabzavot, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzish, shuningdek, ikki davlatning yirik shaharlarida muntazam savdo va ishbilarmonlik missiyalari, milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazishga kelishildi.

Aniq loyihaviy tashabbuslar misolida ikki mamlakat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Gap yangi loyihalarni ishlab chiqishga tizimli yondashish, yaʼni, raqobatdosh ustunliklarni hisobga olish va ularni birgalikda moliyalashtirishga moʻljallangan Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish haqida bormoqda. Avtomobilsozlik, paxtachilik va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ipakchilik va boshqa sohalar hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida taʼriflandi.

Xuddi shu tartibda transport va logistika sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganildi. Temir yoʻl orqali yuk tashish va tranzitni koʻpaytirishga qaratilgan ragʻbatlantiruvchi choralarni koʻrishga kelishib olindi.

Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlari birinchi forumi va uning doirasida Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yigʻilishi oʻtkazilishini olqishladilar. Ochiq va konstruktiv ruhda imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar ijrosining amaliy jihatlari tahlil qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Ozarbayjon bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyorlik bildirildi va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер