Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida investitsiyaviy va sanoat hamkorligi faollashmoqda

17:10 01 Mart 2023 Siyosat
851 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 1-mart kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Ispaniya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Forumda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Oybek Xamrayev, Ispaniya sanoat, savdo va turizm vazirining oʻrinbosari Shiana Mendez, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar oʻz nutqlarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlar sonini qisqartirish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, Taraqqiyot strategiyasini qabul qilish, maʼmuriy islohotlarni oʻtkazish, xususiy mulkni himoya qilish, sanoat siyosatini yurgizish, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa islohotlar samaradorligini taʼkidladilar. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ Preferensiyalar tizimi benefitsiari maqomini oldi va JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha faol harakat qilmoqda. Olib borilayotgan saʼy-harakatlar tufayli investitsiyaviy muhit yaxshilanib, tashqi savdo hajmi oshmoqda.

Shu tariqa, GSP+ benefitsiar maqomi tufayli 2022-yilda Oʻzbekiston mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga eksporti 50 foizga, Ispaniya bozoriga esa qariyb 2,5 barobarga oshdi. Spikerlar oʻzaro tovar ayirboshlashni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi bilan birga, yetkazib berilayotgan tovarlar roʻyxatini kengaytirish va hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston tomoni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun ikki mamlakatning raqobatbardosh ustuvorliklaridan foydalanishni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslar bilan chiqdi. Eng istiqbollilari - avtomobilsozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, aholiga xizmat koʻrsatish va infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishlaridir. Bundan tashqari, har ikki davlat erkin savdo rejimlariga ega yirik mintaqaviy birlashmalarning aʼzosi boʻlib, bu ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi.

Forum doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar diqqat markazida savdo, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi qoʻshma qadamlar boʻldi. Muzokaralar davomida farmatsevtika, toʻqimachilik, rangli metallar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, elektr jihozlarini oʻzaro yetkazib berish hajmini oshirish, savdo uylari ochish, “Made in Uzbekistan” va “Made in Spain” qoʻshma biznes-forumlari va koʻrgazmalarini oʻtkazish orqali foydalanilmayotgan resurs va imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib olindi.

Forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning turli hududlarida suv xoʻjaligi va suv tozalash inshootlarini qurish sohasida, shuningdek, ipakchilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator kelishuvlar imzolandi. Bundan tashqari, biznes-forum dasturi doirasida B2B muzokaralari ham oʻtkazildi. Unda tadbirkorlar va investorlar toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, manfaatlar kesishadigan nuqtalarni aniqlash hamda oziq-ovqat, yashil energiya va qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishlarida yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.

Kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir yakunlari boʻyicha ikki tomonlama tovar ayirboshlashni kengaytirish, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar tashkil qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar ochish doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan choralarni qamrab olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер