Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi 14-toʻqnashuv. Kim gʻalaba qozonadi?

13:45 11 Iyun 2024 Sport
694 0

Arxiv foto

Bugun Oʻzbekiston terma jamoasi 2026-yil oʻtkaziladigan jahon chempionati saralashi doirasida Tehronda Eron terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

Saralashning Osiyo mintaqasi «E» guruhidan joy olgan ushbu jamoalar 13 ochkodan toʻplagan va muddatidan oldin keyingi bosqichga yoʻl olgan. Tehrondagi oʻyin guruh gʻolibi nomini aniqlab beradi, xolos. Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi Toshkentdagi birinchi bahsda 2:2 hisobidagi durangga natijada qayd etilgandi.

Shu paytgacha ushbu jamoalar turli musobaqalarda 13 bor oʻzaro bellashgan va ularning 10 tasida Eron, 1 tasida Oʻzbekiston gʻalaba qozongan. Ikki uchrashuvda gʻolib nomi aniqlanmagan.

Xoʻsh, bu safar Oʻzbekiston Eronni magʻlub eta oladimi?

Eron mukammal hujum chizigʻi vakillariga ega jamoa hisoblanadi. Alireza Jahanbaxsh, Mehdi Taremi va Sardar Azmunni toʻxtatish oson emas. Jamoamiz ularning oʻrtasidagi bogʻlamlarni uzishga erisha olsa va havodagi kurashlarda imkoniyat qoldirmasa, bu hujumchilarni zararsizlantirish mumkin.

Muxlislarning effekti ham forslarga ustunlik berishi mumkin. Jamoa oʻz maydonida 90 daqiqa kurashishga majbur. Shunga qaramay, bu salbiy taʼsir ham qilishi mumkin. Ortiqcha bosim yosh eronlik futbolchilarning xato qilishiga olib kelishi ehtimoli ham bor.

Oʻzbekiston foydasiga ishlashi mumkin boʻlgan jihatlar mavjud. Xususan, terma jamoamizning eng kuchli yarim himoya chizigʻi. Hujumkor Abbosbek Fayzullayev, tajribali Otabek Shukurov, markazda ustunlikni taʼminlovchi Odilbek Hamrobekovning borligi markazni bizning nazoratimizga oʻtkazishi mumkin va terma jamoamizning tezkor hujumlariga zamin yaratib berishi mumkin.

Ushbu uchrashuv oldidan Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes ham bor eʼtibor shu oʻyinga qaratilganini taʼkidladi.

«Eronni yaxshi bilamiz, ular bilan koʻp bor toʻqnash kelganmiz. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblangan Eronga qarshi bahs oson oʻtmasligi aniq. Futbolchilarim oʻz darajalarini koʻrsatishlariga ishonaman. Umid qilamanki, har ikki jamoa toza futbol koʻrsatadi va kartochkalarsiz oʻyin guvohi boʻlamiz. Biz ham oʻz darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz. Bor eʼtiborimiz ushbu bahsga qaratilgan.

Eronga qarshi gʻalabasiz seriya bu shunchaki statistika xolos. Ertangi bahsda eronlik qaysi futbolchilar katta sahnaga chiqadi buni bilmayman. Asosiy eʼtiborim oʻz oʻyinimizga qaratilgan. Jamoamdagi har bir futbolchi Taremi va Azmun singari futbolchilarga qarshi nima qilayotganini aniq bilib turishlarini istayman. Albatta, ehtiyotkorlikni ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Bosimni yengib oʻta olgan jamoa gʻolib boʻladi» — deydi Katanes.

Eron — Oʻzbekiston oʻyini Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер