Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya davolash pedagogikasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda

14:06 17 Mart 2024 Jamiyat
491 0

Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Chelsi jamoat kasalxonasi maktabi (Chelsea Community Hospital School – CCHS) direktori Janett Stil bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida Buyuk Britaniya tomoniga Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy sohada, jumladan, xalq taʼlimi tizimida “inklyuziv taʼlim”ni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Janett Stil respublikada uzoq muddat davolanayotgan bolalar uchun toʻlaqonli, toʻsiqlarsiz taʼlim muhitini yaratish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Oʻzbekistonda davolash pedagogikasini rivojlantirish boʻyicha ilk loyiha – “Mehrli maktab” alohida eʼtiborga loyiqdir.

“Oʻzbekistonda toʻlaqonli oʻquv jarayoni tashkil etilgan, bemorlarning toʻxtovsiz davolanishiga imkon beruvchi maktablarning paydo boʻlishi oʻz vaqtida amalga oshirilgan ishdir”, – deydi u.

Direktor, shuningdek, oʻzi rahbarlik qilayotgan taʼlim muassasasi faoliyatiga toʻxtalib oʻtdi. Qayd etilishicha, “CCHS”ning Buyuk Britaniyada 6 ta filiali mavjud boʻlib, ularda 72 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Maktablar bolalarga klinik sharoitda milliy imtihondan oʻtish imkoniyatini taqdim etadi.

Janett Stil “Mehrli maktab” faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida “CCHS” “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “CCHS” rahbariyati va “Zamin” xalqaro jamoat fondi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilish uchun onlayn uchrashuv tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1989-yilda tashkil etilgan “CCHS” sogʻligʻi yoki ruhiy kasalliklar tufayli oddiy maktabga bora olmaydigan 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlarga ixtisoslashtirilgan taʼlim xizmatlarini taqdim etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?