Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasidagi qamishzorlar yoqib yuborilmoqda
Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasidagi hudud osmonini qora tutun qoplagani aks etgan videolar tarqaldi. Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari chegarasidagi neytral hududda, Amudaryo ichkarisida joylashgan kichik orolchalarda qamishzorlarni rejali tartibda yoqish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Ushbu tadbir zararli hasharotlar koʻpayishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida mutasaddi idoralarning ruxsati va masʼul organlarning oʻzaro kelishuvi asosida olib borilmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, yongʻin harakatlari va ularning koʻlami toʻliq nazorat qilinmoqda.
Hokimlik, shuningdek, fuqarolardan vaziyat boʻyicha ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi oʻrtasida xavotir keltirib chiqaruvchi asoslanmagan axborotlarni tarqatmaslikni soʻragan.
Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu tadbir (oʻt qoʻyish tahr.) belgilangan rejaga muvofiq va xavfsizlik choralariga rioya etgan holda amalga oshirilayotganini bod-bod takrorlamoqda. Biroq viloyat Ekologiya boshqarmasi oʻz nazorat hududida shu kabi “rejali” ishlar amalga oshirilayotgani boʻyicha hech qanday izoh bermayapti. Maʼlumot uchun, boshqarmaning Telegramʼdagi rasmiy kanalida soʻnggi xabar joriy yilning 17-mart sanasida joylangan.
Hokimlik matbuot xizmati ishlar mutasaddi idoralarning ruxsati va masʼul organlarning oʻzaro kelishuvi asosida olib borilayotgani haqida yozmoqda, ammo viloyat FVB yongʻin chizigʻi qay tartibda nazorat qilinayotgani borasida tushuntirish bermagan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ham atmosferaga chiqayotgan zararli tutun hamda gazlar yuzasidan izoh berganicha yoʻq.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring