Oʻzbekiston — Turkiya: Mushtarak tamaddun ummonida azaliy qardoshlik va abadiy hamkorlik

10:13 09 Mart 2021 Siyosat
2066 0

Mevlut CHAVUSHOʻGʻLU, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri:

Oʻzbekistonga, otayurtimizga har kelishimda ilm-fan, madaniyat, sanʼat va davlat boshqaruvi sohasida oʻzlarining buyuk yaratuvchilik asarlari bilan insoniyat merosiga mislsiz hissa qoʻshgan ajdodlarimiz yetishgan bu barokatli zaminga oyoq bosib turganimdan hayajonlanaman. Aziz doʻstim, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning taklifi bilan amalga oshirilgan qardosh Oʻzbekistonda toʻrt viloyat va beshta shaharni qamragan bu rasmiy tashrifim chogʻida mana shunday chuqur tuygʻular meni chulgʻab oldi. Turkiy dunyo tashqi ishlar vazirlarining “oqsoqoli” deb bilganimiz janob Komilov bilan oramizdagi samimiy doʻstlikni minglab kilometrlik masofaga qaramay mushtarak tarix, til, din, madaniyat doirasida bir-birlariga asrlardan beri koʻngil koʻpriklari bilan bogʻlangan 120 million kishilik Turkiya va Oʻzbekiston xalqlarining birodarligi timsoli sifatida koʻraman.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar oramizdagi mustahkam rishtalar tufayli XXI asrda ham munosib darajaga yuksalish uchun shitob bilan jadallashish pallasiga kirdi. Aloqalarimiz Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari bilan “strategik sheriklik” darajasiga koʻtarilgan boʻlsa, Prezidentimiz janob Rejep Tayyip Erdogʻanning 2018-yilda Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi bilan tamoman yangi bosqichga chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi mexanizmi taʼsis etildi. Prezident Mirziyoyevning 2020-yil fevralida Turkiyaga tashrifi chogʻida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ilk yigʻilishi ikki davlat Prezidentlarining raisligida oʻtkazildi. Bugungi kunda biz “qardoshlik huquqiga asoslangan strategik sheriklik” deb baholagan aloqalarimiz oʻzaro ishonch muhitida har sohada tobora chuqur ildiz otib bormoqda.

Siyosiy sohada tezkor qoʻyilgan qadamlar savdo va sarmoyalar sohasiga ham qisqa vaqt ichida oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Savdo hajmini eng tezkor ravishda Prezidentlarimiz belgilab bergan 5 milliard dollarlik marraga olib chiqishni xohlaymiz. 2019-yilda tarixda ilk marta oʻzaro savdo hajmi ham importda, ham eksportda 1,2 milliard dollardan oshib, 2,5 milliard AQSH dollaridan oshib rekord natijani qayd etdi. Butun dunyoni oʻz zabtiga olgan koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari tufayli ogʻir kechgan 2020-yilni davlatlarimiz 2,1 milliard AQSH dollarlik umumiy savdo koʻrsatkichi bilan yakunladi. Pandemiya sharoitida savdo hajmida jiddiy tushish koʻrilmagani iqtisodiy rishtalarimizning qanchalik mustahkam ekanligidan dalolat beradi. Import va eksport hajmi bir-biriga juda yaqin va mutanosib tarzda amalga oshirilayotgani savdo aloqalarimizning oʻzaro toʻldiruvchi va qoʻllab-quvvatlovchi mohiyatda ekanligini koʻrsatadi. Ayni paytda imzolash oldidan olib borilayotgan muzokaralar oxirlab qolgan imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi shartnomani iloji boricha eng koʻp turdagi mahsulotlarni qamrab oladigan tarzda tasdiqlash oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarlik marraga yetkazish yoʻlida hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu shartnoma imzolangandan keyingi asosiy vazifamiz esa mamlakatlarimiz oʻrtasida Erkin savdo shartnomasini tuzish boʻlishi kerak deb oʻylayman.

Dunyo shiddat bilan oʻzgarib borayotgan XXI asrda global muvozanatga uygʻun tarzda toʻgʻri va tezkor qarorlar qabul qila oladigan va oʻzgarishlar dinamikasiga moslasha oladigan mamlakatlar yuzaga keladigan qiyinchiliklardan muvaffaqiyatli chiqib keta olishi kuzatildi. Bu borada Turkiya va Oʻzbekistonni XXI asrning eng omadli davlatlari qatorida koʻrish lozim. Prezident Erdogʻan va Prezident Mirziyoyevdek zamonasining uzoqni koʻruvchi yoʻlboshchilari boshqarayotgan mamlakatlarimiz XXI asrning global tahdid va sinovlari qarshisida inson omili ustuvor boʻlgan islohotchi yondashuvlari bilan har bir sohada oʻziga xos yechimlarni ishlab chiqishga qodir. Qardosh Oʻzbekiston bunday salohiyati tufayli oʻz mintaqasida va undan tashqarida bir joziba markazi sifatida ajralib turibdi. Davr taqozosi bilan bu kabi tubdan oʻzgarishlarni yaqin oʻtmishda muvaffaqiyat bilan amalga oshirgan Turkiya davlati bu jarayonda orttirgan bilim va tajribalarini qardosh Oʻzbekistonning farovon kelajagi yoʻlida oʻrtoqlashishga hamisha tayyor.

Oʻzbekiston muvaffaqiyat bilan amalga oshirayotgan islohotlar tashqi siyosatda ham aks etmoqda, tamoman yangicha diplomatik tashabbuslar Oʻzbekiston tomonidan xalqaro jamoatchilik kun tartibiga kiritilmoqda. Turkiya “xalqimizning tashabbuskorlik ruhi” va “vijdoniy qadriyatlar” tushunchalarini asos qilib olgan holda tamoyillar toʻplami sifatida ishlab chiqqan “Tashabbuskor va insonparvar tashqi siyosat” konsepsiyasiga oʻxshash tarzda Oʻzbekiston ham tashqi siyosatining markazida turuvchi insonparvarlik tendensiyalari bilan xalqaro munosabatlar sohasida oʻziga xos yondashuvlarni kun tartibiga qoʻymoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan oqilona gʻoyalarning katta qismi qadrli hamkasbim janob Komilov rahbarligida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hayotga tatbiq etilgani bizni quvontiradi. Prezident janob Mirziyoyev tarixda ilk marotaba oʻzbek tilida BMT Bosh Assableyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyati eʼtiboriga taqdim etgan yangi takliflarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirish yoʻlida biz Turkiya davlati sifatida strategik sherigimiz Oʻzbekiston bilan birgalikda harakat qilishni istaymiz.

Oʻzbekistonning 2019-yilda Turkiy kengashga (Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi) aʼzo boʻlib kirishi tarixiy qadam boʻldi. Turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida 30 yildan beri ikki tomonlama yuritilgan hamkorlik aloqalari Turkiy kengash tuzilganidan keyin koʻp tomonlama va institutsional tus oldi. Bu yil tavalludining 580-yilligi keng nishonlanayotgan turkiy tilning “qutb yulduzi”, buyuk olim va davlat arbobi Alisher Navoiy hazratlarining “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam” misralari tarix zarvaraqlariga bitilganidan salkam olti asr keyin, mamlakatlarimiz turkiy tilning umumiy zaminida Turkiy kengashda jamuljam boʻlib, qoʻshni mamlakatlarning ham farovonligi va barqarorligiga hissa qoʻshadigan tinch-osuda kelajak yaratish gʻoyasini birgalikda amalga oshirish yoʻlidan bormoqdalar.

Oʻzbekiston dunyoning eng qadimiy savdo yoʻnalishi boʻlgan Buyuk Ipak yoʻlining tarixiy merosxoʻri sifatida “Osiyo asri” deb atalayotgan asrimizda qitʼaning yuragi va tortishish markazi boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasida “davlatlarning oʻzaro bogʻliqligi tamoyilini” qatʼiy ravishda himoya qilgan holda savdo aloqalaridan tortib sarmoyaga, global qadriyatlar zanjiridan logistikaga qadar koʻplab sohalarda yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.

Keyingi yillarda, xususan, transport-kommunikatsiya infrastrukturasi boʻyicha ulkan loyihalarni amalga oshirgan Turkiya qitʼalar chorrahasida joylashuvining afzalliklari bilan “davlatlarning oʻzaro bogʻliqligi” gʻoyasi doirasida yuritiladigan transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikda ham Oʻzbekistonning eng muhim sheriklari orasidan oʻrin olgan. Biz Oʻzbekistonning kelajakdagi jarayonlarda davlatlarning oʻzaro bogʻliqligi tamoyiliga mos ravishda amalga oshiradigan mintaqaviy va global miqyosdagi tashabbuslarida Oʻzbekiston bilan birga hamkorlik qilish istagidamiz.

Strategik sherigimiz boʻlgan qardosh Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa qardosh davlatlar bilan aloqalarini qatʼiy hamkorlik doirasida olib borar ekan, tinchlik, barqarorlik va farovonlik ummoni sifatida kun sayin yana-da ravnaq topayotgani va rivojlanayotgani bizni mamnun etmoqda. Turkiya “Osiyo asri”da bu qadimiy qitʼa bilan aloqalarini “Qaytadan Osiyo” shiori va sifat jihatidan yangicha yondashuv bilan olib borayotgan bir paytda qardosh Oʻzbekiston bilan aloqalarimizni har sohada chuqurlashtirish vazifasini shunchaki tanlovdan koʻra koʻproq oʻrtamizdagi alohida ahamiyatga molik qardoshlik rishtalari va mushtarak tariximiz zimmamizga yuklagan bir masʼuliyat deb bilamiz.

Mening otayurtimiz Oʻzbekistonga amalga oshirgan keng qamrovli tashrifim negizida mana shunday yondashuv yotibdi. Qalbimiz hamisha talpingan bu zaminning javohir kentlaridan boʻlgan Samarqandda Turkiya Respublikasi Bosh konsulxonasini rasmiy ochib berganim esa bu tashrifimni men uchun yana-da mazmunli qildi.

Qardosh Oʻzbekiston bilan kelajagimizni birgalikda yaratishdagi saʼy-harakatlarimiz butun insoniyat olamiga tinchlik-xotirjamlik keltirishiga ishonamiz. Bu qutlugʻ yoʻlni yelkadosh boʻlib bosib oʻtgan ikki qardosh mamlakat – Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga molik hayotiy zarurat ekanligi bir haqiqatdir. Energetika sohasidan qishloq xoʻjaligiga, sanoatdan madaniyatga, yoshlar masalalaridan ekologiya sohasiga qadar koʻpgina siyosiy, iqtisodiy, harbiy va ijtimoiy jabhada umumiy manfaat va oʻzaro hurmat tamoyillari asosida tobora chuqurlashayotgan hamkorligimizning mana shunday jadallik bilan rivojlanishda davom etishini tilab, mehmondoʻstligi va ochiq koʻngilligiga yana bir bor yaqindan guvoh boʻlganim Oʻzbek xalqiga yuksak hurmat va ehtiromimni izhor etaman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер