Oʻzbekiston tabiat resurslari vazirligida Janubiy Koreya atrof-muhit vaziri oʻrinbosari boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

20:36 26 Yanvar 2023 Siyosat
793 0

Oʻzbekiston tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Janubiy Koreya atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida keyingi yillar davomida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida barcha sohalarda boʻlgani singari ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida ham oʻzaro hamkorlik aloqalari izchillik bilan ravnaq topib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Maʼlumki, hozirgi paytda Global yashil oʻsish institutining Markaziy Osiyodagi yagona ofisi Oʻzbekistonda ochilgan boʻlib, Tabiat resurslari vazirligida faoliyat koʻrsatmoqda. “KEITI” kompaniyasi ishtirokida samarali amalga oshirilgan “Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha bosh rejani tuzish” texnik koʻmagi loyihasi doirasida 6,6 mln AQSH dollariga teng grant loyihasi moliyalashtirish uchun maʼqullandi, shuningdek, yirik investitsiya loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgani holda Janubiy Koreya hukumatiga taqdim etildi.

Shuningdek, «Sejin G&E So., Ltd.» kompaniyasi ishtirokida “Toshkent viloyati maishiy chiqindilar poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Energetika vazirliklari bilan kelishuvga erishilganligi ham muhimdir.

Tabiat resurslari vazirligi xodimlari Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligining Ekologiya sohasida kelajakdagi ilgʻor rahbarlar uchun magistrlik dasturida faol ishtirok etayotgani ham yaqin hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi hisoblanadi.

Uchrashuvda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida hamkorlikda olib borilgan ishlarning natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar va tashabbuslar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv bayonoti imzolandi.

Janubiy Koreya Atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?