Oʻzbekiston Pokiston bilan aviakargo xizmati boʻyicha kelishuvga erishdi

14:53 06 Yanvar 2025 Iqtisodiyot
303 0

Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev Pokistonning Karachi shahrida TCS transport-logistika kompaniyasi rahbari Xalid Avan bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi

Muloqotda ikki mamlakat savdo aloqalarining izchilligini taʼminlash, tovarlarni oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berish mexanizmlari, davlatlarimizning transport-tranzit salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish masalalari muhokama qilingan.

TCS rahbari Xalid Avan Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasida aviakargo xizmatini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirgan. Uning taʼkidlashicha, bu xizmat turi tez ayniydigan va qisqa muddatlarda yetkazib berilishi zarur boʻlgan mahsulotlarni tashishda keng imkoniyatlar yaratadi.

“Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bogʻliqlik tashabbusi Oʻzbekiston va Pokistonning tranzit tashuvlardagi imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, havo, avtomobil va temir yoʻl infratuzilmalari salohiyatidan oqilona foydalanish, ikki tomonlama savdo hajmlarini maksimal oshirishga xizmat qiladi”, — deydi Xalid Avan

Shuningdek, Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi transport/tranzit tashuvlarining uzluksizligini taʼminlash maqsadida kompaniya oʻzaro muqobil yoʻnalishlarni ishlab chiqqanini va foydalanayotganini, bu favqulodda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatlardan tezkor chiqib ketish imkonini berayotganini taʼkidlagan.

Bundan tashqari, kompaniya Yevropa va Amerika davlatlari bilan turizm yoʻnalishidagi hamkorlik tajribasi asosida Oʻzbekiston bilan ham aloqalarni yoʻlga qoʻyish, TCS bosh ofisi qoshida “Uzbekistan visa facilitation centre” vizaga koʻmaklashish markazini tashkil etishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?