Oʻzbekiston ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori

15:53 28 Oktyabr 2022 Jamiyat
406 0

Mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obru eʼtibori tobora yuksalib borayotgani va bu iqtisodiyotimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi hamda yurtimiz istiqboliga xizmat qilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Binobarin, Ostona shahrida oʻtkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va oʻz nutqida mintaqamiz hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligining savdo-iqtisodiy yoʻnalishiga toʻxtalib, mamlakatlarimiz “GSP+” imtiyozli savdo tizimiga qoʻshilganidan soʻng joriy yilning boshidan buyon yuqori qoʻshilgan qiymatli oʻzbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etgani ham soʻzimizga yaqqol misol boʻla oladi.

Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Yevropa kengashi Prezidentlari hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari ishtirok etgan mazkur sammitda Prezidentimiz mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun zarur boʻlgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini alohida eʼtirof etdi.

Ammo tan olish kerak, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emas, yaʼni Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo boʻlmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilib boʻlmaydi. Buning uchun sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash, YEI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish hamda yevropalik isteʼmolchilar oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʻlishi uchun qoʻshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar oʻtkazish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada Prezidentimiz Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasini taʼsis etishni taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqini “yashil” taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, bunda alohida eʼtiborni eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “Smart-AKIS” Yevropa tarmogʻi yordamida “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratishga chaqirdi.

Maʼlumki, shu yil noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida mintaqamiz xalqlarining madaniyatiga bagʻishlangan yirik koʻrgazma tashkil etish koʻzda tutilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda oʻtkazib borish muhimligi aytib oʻtildi. Eng quvonarlisi, davlatimiz yetakchisi mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yoʻlida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Ishonamizki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat Yangi Oʻzbekistonni dunyo bilan yaqinlashtiradi, jahon iqtisodiyoti bilan barqarorlashishga va provardida rivojlangan mamlakatlar safida tilga olinishga zamin yaratadi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер