Oʻzbekiston neyroxirurglarining IV anjumani

17:28 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
130 0

Xiva shahrida Oʻzbekiston neyroxirurglarining IV anjumani ish boshladi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek, 15 ta xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi neyroxirurg olimlar, amaliyotchi shifokorlar, sohaga daxldor mutaxassislar ishtirok etyapti. Konferensiya dasturidan oʻrin olgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maʼruzalar sohadagi yangiliklardan xabardor boʻlish, bilim va tajriba almashish, eng muhimi, bemorlarga yanada samarali, innovatsion yordam koʻrsatish imkonini beradi.

— Oʻzbekistonga toʻrtinchi bor kelishim, — deydi anjuman ishtirokchisi, Buyuk britaniyalik neyrojarroh Ouaze Jelani. — Mamlakatingizda tibbiyotning neyrojarrohlik yoʻnalishi yildan-yilga rivojlanib boryapti. Men anjuman davomida oʻzbekistonlik koʻplab neyrojarrohlar bilan muloqotda boʻldim. Ayniqsa, yosh mutaxassislarning faolligi, yangilikka va ilmga intilishi meni quvontirdi. Bunday konferensiyalarni doimiy tarzda oʻtkazib borish kerak deb hisoblayman. Chunki, bu yerda turli davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan tajriba almashyapmiz, sohadagi yangiliklarni oʻrganyapmiz. Bu hamma uchun foydali, manfaatlidir.

Mikroxirurgiya, endoskopik jarrohlik va robototexnika imkoniyatlari bugungi kunda soha rivojining asosiy yoʻnalishlarini belgilab bermoqda. Natijada ilgari faqat poytaxtda bajariladigan jarrohlik va davolash amaliyotlarining bir qismi bugun viloyatlarning oʻzida amalga oshirilyapti.

— Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining yordami bilan bosh va orqa miyadagi murakkab operatsiyalar neyrojarrohlarimiz tomonidan viloyatimizning oʻzida muvaffaqiyatli bajarilmoqda, — deydi Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Koʻpalboy Tangriberdiyev. — Umuman, Xorazmda yiliga 500 nafardan ortiq bemorda neyrojarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi. Bu yil yana qoʻshimcha 1,3 mlrd soʻmlik zamonaviy spinal neyroxirurgiya anjomlari sotib oldik. Natijada 150 nafar bemor viloyatning oʻzida operatsiya qilindi. Ilgari shunday tashxis qoʻyilgan bemorlarni poytaxtga yuborib, ortiqcha sarf-xarajat qilishga toʻgʻri kelar edi.

Uch kun davom etadigan mazkur anjuman neyrojarrohlikdagi zamonaviy diagnostika va davolash usullari, kadrlar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasida qizgʻin fikr almashuvlar, samarali muloqotlar maydoniga aylandi.

Odilbek ODAMBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер