Oʻzbekiston Musulmon oqsoqollar kengashi bilan faol hamkorlik olib boradi

13:29 21 Noyabr 2023 Siyosat
387 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Musulmon oqsoqollar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan muzokara oʻtkazdi.

Musulmon oqsoqollar kengashi bilan keng koʻlamli aloqalarni mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik hamda anʼanaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida maʼrifat va diniy bagʻrikenglik masalalariga alohida eʼtibor berilayotgani, soʻnggi yetti yilda soha boʻyicha 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani aytib oʻtildi.
Oʻzbekistonning millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni oʻrnatish siyosati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga toʻla mos kelishi taʼkidlandi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, yurtimizda turli millat va din vakillarining oʻz salohiyatini toʻlaqonli amalga oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar taʼminlangan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, uning hududlardagi vakilliklari, 3 ta oliy va 10 ta oʻrta maxsus taʼlim muassasasi hamda 16 ta konfessiyaga tegishli 2300 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda.

Muhammad Abdusalom Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro maydonda ham eʼtirof etilayotgani, hujjat mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga turtki boʻlganiga alohida toʻxtaldi.

Oʻzbekistonning butun dunyo musulmonlari uchun juda katta ahamiyatga molik ekani, ushbu yurtdan yetishib chiqqan olimlar nafaqat musulmon olamiga, balki butun dunyo uchun ham katta ilmiy meros qoldirgani taʼkidlab oʻtildi.
Uchrashuv yakunida oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?