Oʻzbekiston MOQning 2023-yilgi faoliyati va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumani

15:58 30 Mart 2024 Sport
463 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi PQ-5281-sonli qaroriga muvofiq, Sport vazirligi, sport federatsiya (uyushma)lari, vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir Olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni Xanchou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash strategiyasi ishlab chiqildi.

Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun 409 nafar sportchilar kontingenti (108 nafar asosiy tarkib va 301 nafar sparring sheriklar) tanlab olindi, 103 nafar trenerlar shtabi va 53 nafar tibbiyot shtabi aʼzolari jalb qilindi.

Xorijiy tajribadan foydalanish va tajriba almashish uchun 21 ta sport turi boʻyicha 16 ta davlatdan 38 nafar malakali trener-mutaxassislar taklif etildi.

34 ta Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari 208 ta mahalliy va 98 ta xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtiroki taʼminlandi.

Milliy terma jamoa aʼzolari 57 ta xalqaro turnir va musobaqalarda, shu jumladan, 17 ta jahon va 33 ta Osiyo chempionatlarida, 7 ta Gran pri va “Katta dubulgʻa” turkumidagi nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, jami 289 ta medallar (76 ta oltin, 100 ta kumush va 103 ta bronza) qoʻlga kiritildi:

Jahon chempionati va kuboklarida 53 ta (20 ta oltin, 13 ta kumush va 20 ta bronza);

Osiyo chempionati va kuboklarida 223 ta (50 ta oltin, 84 ta kumush va 89 ta bronza).

1-14-may kunlari Toshkentda ilk bor oʻtkazilgan boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Jahon chempionatida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan oʻz tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etib, umumjamoa hisobida birinchi boʻldi.

Xanchou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida atletlarimiz tomonidan 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza jami 71 ta medal qoʻlga kiritilib, Oʻzbekiston delegatsiyasi 45 mamlakat orasida 5- oʻrinni egalladi va qitʼa olimpiadasida medallar soni va sifati boʻyicha eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi ayni paytda Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga 25 ta litsenziya qoʻlga kiritgan. Jumladan,

1 nafar badiiy gimnastika (Taxmina Ikromova yakkalik);
1 nafar erkin kurash (Javrail Shapiyev -86 kg); 2 nafar yunon-rum kurashi (Aram Vardanyan -77 kg, Islomjon Baxromov 60 kg);
1 nafar zamonaviy beshkurash (Alise Faxrutdinova, yakkalik);
9 nafar boks (-51 kg Hasanboy Doʻsmatov, 57 kg Abdumalik Xalokov, -63.5 kg Ruslan Abdullayev, 71 kg Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, 80 kg. Toʻrabek Habibullayev, 92 kg Lazizbek Mullojonov, +92 kg Bahodir Jalolov, -50 kg Sabina Boboqulova, 54 kg Nigina Oʻktamova);
4 nafar velosport (UCI olimpiya reytingi orqali litsenziya davlat uchun ajratilgan, shu sababli sportchilar nomi federatsiyaning trenerlar kengashi tomonidan aniqlanadi);
1 nafar kamondan otish (Ziyodaxon Abdusattorova yakkalik);
1 nafar yengil atletika (Davlatov Shoxrux, marafon);
4 nafar taekvondo WT (-68 kg Ulugʻbek Rashitov, -80 Jasur Jaysunov, — 67 kg. Ozoda Sobirjonova va +67 kg Svetlana Osipova);
1 nafar suvga sakrash (Igor Myalin, 10 metrli platforma).

Parijda Oʻzbekiston delegatsiyasi kamondan otish va suvga sakrash yoʻnalishlarida Olimpiadalarda debyut qiladi. Shuningdek, ayollar kurashi va futbol bahslarida ham ilk bor yoʻllanmalar qoʻlga kiritilishi kutilmoqda.

Har bir terma jamoaga malakali shifokorlar biriktirilgan. Ular muntazam ravishda sportchilarning salomatligini nazorat qilib boryapti. MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) da reja asosida ular chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazib kelinmoqda. Shuningdek, Milliy antidoping agentligi bilan doimiy aloqada boʻlib, atletlarning vitaminizatsiyasi va tibbiy-farmakologik vositalari nazoratga olingan.

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash davrida Toshkent shahri 3 sport turida toʻgʻridan toʻgʻri yoʻllanma beruvchi musobaqalarga mezbonlik qiladi: badiiy va sport gimnastikasi hamda stol tennisi.

Olimpiada litsensiatlari sport turlaridan kelib cheqqan holda toʻgʻridan toʻgʻri yoʻllanma beradigan musobaqalar va reyting tizimi orqali aniqlanadi. Hozirda ushbu davr oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirmoqda. Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining barcha yoʻllanma sohiblari iyul oyining boshlarida aniq boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?