Oʻzbekiston – Misr Ishbilarmonlar kengashi tuzildi
Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (SSP) va Misr ishbilarmonlar uyushmasi (MIU) rahbariyati oʻrtasida videokonferensiya aloqasi vositasida uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda joriy yil fevral oyida Qohiraga buyurilgan oliy darajadagi tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlar doirasida SSP va MIU oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish, delegatsiya almashuvlarini yoʻlga qoʻyish, birgalikda biznes anjumanlar oʻtkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, palata boshqarma boshliqlari hamda mamlakatimizning Qohiradagi elchixonasi xodimlari, Misr tomonidan MIU raisi Ali Isa, ijrochi direktori Muhammad Yusuf, xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi Daliya Yusuf, MIUning Port Saiddagi vakili, Misr Senati aʼzosi Odil Laʼmi, Misrning Oʻzbekistondagi elchisi Amira Fahmi xonim ishtirok etdilar.
Tadbirda ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligini kengaytirish, oʻzaro tovar aylanmasi va eksport hajmini oshirish, tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar, uchrashuvlar oʻtkazish, Port Said shahridagi erkin iqtisodiy zonalarda oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish, omborxonalarni ijaraga olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan MIU raisi Ali Isa Oʻzbekiston-Misr aloqalari, xususan, savdo-iqtisodiy aloqalari va investitsiya hamkorligi tobora kengayib borayotganini alohida taʼkidlar ekan, MIUning oʻzbek sheriklar bilan yanada mustahkam hamkorlik qilishdan manfaatdorligini maʼlum qildi. U savdo-iqtisodiy va ishbilarmonlik sohasini rivojlantirishda 45 yillik tajribaga ega MIUning oʻzbekistonlik tadbirkorlar va eksportchi kompaniyalarning misrlik hamkorlari bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash yuzasidan koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ali Isa elchixona koʻmagida SSP va MIU oʻrtasida yaqinda imzolangan Hamkorlik memorandumi ikki davlat tadbirkorlari va ishbilarmonlarining oʻzaro manfaatli aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Ijrochi direktor Muhammad Yusuf joriy yil 9-iyulda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezident saylovida Misrdan xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashganini mamnuniyat bilan tilga olar ekan, ushbu muhim siyosiy tadbir shaffoflikda, oshkora va demokratiya ruhida tashkil qilinganini eʼtirof etdi.
U Oʻzbekistonga safari davomida SSP rahbariyati bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazgani, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelishuvlarga erishganini aytdi. MIU joriy yil avgust oyida Qohirada Oʻzbekiston - Misr tadbirkorlari biznes forumini oʻtkazishni rejalashtirganini maʼlum qildi. Sentyabr oyida esa mamlakatimiz SSP delegatsiyasining safari kutilayotgani, uning doirasida Port Said EIZda Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish imkoniyatlari oʻrganib chiqilishi, Misr tomoni bu borada har jihatdan amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini aytdi.
Oʻz navbatida, Misr Senati aʼzosi Odil Laʼmi uyushmaning Port Saiddagi vakili sifatida hududda joylashgan EIZlar, xorijiy eksportchilar va sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay iqtisodiy muhit, imtiyozlar va sharoitlar haqidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi. Ushbu tadbir oʻtkazilishidan xabar topgan Port Said gubernatori Odil al-Gʻadban oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning Port Saidda faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilishiga koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirgani ham maʼlum qilindi.
Tadbir qatnashchilari oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, ikki davlat ishbilarmonlari safarlari uyushtirilishini jadallashtirish, biznes forumlari, taqdimotlar, koʻrgazmalar, V2V va V2G shakldagi uchrashuvlarni oʻtkazishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Misr ishbilarmonlar uyushmasi oʻrtasida Ishbilarmonlik kengashini tuzish haqidagi hujjat onlayn tarzda imzolandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring