“Oʻzbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi

10:16 27 Noyabr 2023 Iqtisodiyot
188 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

“Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasiga qarashli Chuqursoy stansiyasi hududida “Oʻzbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi.

Majmuaning ochilish marosimida “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari v/b A.Komiljonov boshchiligida jamiyatning boshqarma boshliqlari, “Temiryoʻlinfratuzilma”AJ hamda “Toshkent MTU” UK rahbariyati va boʻlim boshliqlari, shuningdek, mehnat faxriylari ishtirok etdi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, hozirgi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari”  aksiyadorlik jamiyati tarkibida lokomotivlarga texnik xizmat koʻrsatadigan 20 ga yaqin korxona mavjud. Bugun ularning soni yana bittaga koʻpaydi.

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, bu korxonaning aynan ushbu hududda bunyod qilinishi bejiz emas. Chuqursoy stansiyasi jamiyat tarkibidagi  eng yirik saralash stansiyasi hisoblanadi. Qozogʻistondan yurtimizga  kirib keladigan hamda yurtimizdan Qozogʻistonga chiqib ketadigan poyezdlar vagonlari aynan ushbu stansiyada saralanib joʻnatiladi. Shu bois, bu stansiyada koʻp lokomotivlar, elektrovozlardan foydalaniladi. Qariyib 0.70 gektar joyda bunyod qilingan texnik xizmat koʻrsatish markazida  bir sutkada 15 ga yaqin lokomotiv va elektrovozlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish imkoniyati mavjud deydi,- “Oʻzbekiston” lokomotiv deposining elektrovozlarni taʼmirlash boʻyicha sex boshligʻi Jamshid Mirzaraxmedov.

Bu yerda asosan, TEM2, VL60K,Oʻzbekiston,Oʻz-yoʻlovchi,OʻZ-EI va OʻZ-EIR rusumli lokomotivlariga  texnik xizmatlar koʻrsatiladi. Korxonada ish ikki smenada tashkil etilgan boʻlib, yaʼni 50 nafar malakali ishchi  xizmatchi tunu kun  faoliyat koʻrsatishi rejalashtirilgan. Undan tashqari ishchilarga  qulay shart sharoitlar  yaratish maqsadida, oʻquv sinfi, ovqatlanish xonalari, faollar zali, navbatchilik hamda tibbiy xizmat koʻrsatish punktlari ham faoliyat koʻrsatadi.

Endilikda ushbu stansiya va unga yaqin joylashgan barcha stansiyalardagi, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasidan kelayotgan yuk poyezdlaridan ajratilgan  lokomotivlarni  qisqa vaqt mobaynida mazkur markazda texnik koʻrikdan oʻtkaziladi va tezroq lokomotivlarning texnik holati  haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, ham elektr energiyani, ham  yoqilgʻi moylash mahsulotlarini iqtisod qilish bilan birga, ortiqcha vaqt yoʻqotishni bartaraf etadi.

Lokomotivlarni  qisqa vaqtda taʼmirlab, koʻproq vaqt xalq xoʻjaligi yuklarini tashishga zamin yaratiladi. Mazkur majmuaning ochilish marosimi davomida ushbu hududda “Temiryoʻlinfratuzilma bogʻi” ham barpo qilindi.

“Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi  tomonidan 232 ming tup koʻchatni 2023-2026-yillar mobaynida 724 km masofaga ekish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kungacha, 73 km masofaga 78 ming tup manzarali, mevali daraxt koʻchatlari, buta va qalamchalar ekildi deydi,- “Toshkent MTU” UK hududiy yoshlar yetakchilar Kengashi raisi Saydulla Ergashev.

Shundan Uzel tarkibidagi 50 ta stansiya, 10 ta korxona va tashkilotda,  Toshkent-Angren, Toshkent-Jizzax yoʻnalishidagi temir yoʻl uchastkalari yon atrofidagi hududlarda suv taʼminoti yaratilgan jami 3 ta bogʻ, xususan, Toshkent viloyatida joylashgan temir yoʻl kesishmasi yaqinida “Yoshlar bogʻi”, Sergeli tumani hududida “Mehnat muhofazasi bogʻi” tashkil etildi.

Hozirgi kunda “Toshkent-Jizzax” yoʻnalishidagi temir yoʻl uchastkasining 3600 kilometrida “Temiryoʻl infratuzilma” bogʻini tashkil qilish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Ushbu hududga jami 5000 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Tadbir qatnashchilari jami 300 tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlarini ekdilar.

 Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?