Oʻzbekiston kubogi sohibi Turkmaniston chempionini safarda magʻlub eta oladimi?

14:29 17 Sentyabr 2025 Sport
87 0

Bugun, 17-sentyabr kuni “Andijon“ klubi Osiyo chempionlar ligasi II musobaqasidagi yurishini boshlaydi. “Burgutlar“ dastlabki turni oʻtgan mavsum boʻlib oʻtgan AFC Chaqiruv Ligasi musobaqasining amaldagi chempioni Turkmanistonning “Arkadagʼ” klubiga qarshi oʻtkazadi.

Keling, ushbu jamoa haqida biroz toʻxtalib oʻtamiz:

Tarixi

“Arkadagʼ” klubi uzoq tarixga ega klub emas. Jamoa 2023-yilning 1-aprel sanasida tashkil topgan. Klub nomi Turkmanistondagi yangi shahar “Arkadagʼ” nomiga qoʻyilgan.

“Arkadagʼ” soʻzi esa oʻzbek tiliga “qahramon himoyachi“ deb tarjima qilinadi. Ushbu nom odatda Turkmaniston Respublikasi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga nisbatan ishlatiladi.

Stadioni

Jamoa oʻz uy uchrashuvlarini “Arkadagʼ” shahrida joylashgan “Arkadagʼ” stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon oʻz bagʻriga 10 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.

Afsuski, jamoaning maydoni ayni vaqtda juda yomon holatda. Odata bizning klublar Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga qarshi sunʼiy qoplamali maydonlarda oʻynashiga toʻgʻri kelishidan noliydi. Bugungi oʻyin sunʼiy qoplamali maydonda oʻtmaydi, ammo ushbu maydonning hozirgi holati sunʼiy qoplamali maydonlarnikidan ham yomonroq.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi odatda futboli rivojlanmagan mamlakatlarga xalqaro musobaqalar mezbonligini berayotganda ancha-muncha kamchiliklarga “koʻz yumadi“. Bu gal ham shunday boʻldi, katta ehtimol.

Jamoa erishgan yutuqlari

Klub 2 karra Turkmaniston chempioni, 2 karra Turkmaniston kubogi sohibi hisoblanadi. Jamoa tashkil etilgan birinchi yildayoq Turkmaniston chempionligini qoʻlga kiritishni uddaladi. Klub 2023-yil Turkmaniston “Yuqori liga“sida oʻtkazilgan 24 ta oʻyinning barchasida gʻalaba qozongan holda chempionlikni qoʻlga kiritdi. Oʻtgan yili ham jamoa milliy chempionatni magʻlubiyatsiz seriya bilan yakunlashni uddaladi. “Arkadagʼ” musobaqa yakunlanishiga 5 ta tur qolganda chempionlikni rasmiylashtirib boʻldi.

Jamoa oʻtgan mavsum oʻz tarixida birinchi marta AFC tomonidan oʻtkaziladigan musobaqa — “AFC Chaqiruv Ligasi“da ishtirok etdi va debyut mavsumining oʻzidayoq musobaqaning bosh sovrinini qoʻlga kiritdi.

Jamoa musobaqadagi ishtirokini “B” guruhida boshladi. Ushbu guruhda Qirgʻiz Respublikasining “Abdish-Ata“, Maldiv orollarining “Maziya“ va Quvaytning “Al-Arabi“ klublari bilan kurashgan holda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va chorak finalga yoʻl oldi.

Ushbu bosqichda “turkmanlar“ Hindistonning “East Bengal” jamoasi bilan toʻqnash keldi. Ikki oʻyin natijasiga koʻra “Arkadagʼ” raqibini 3:1 hisobida magʻlub etdi. Yarim finalda esa Davletmurot Annayev shogirdlari yana bir bor Quvaytning “Al-Arabi“ jamoasi bilan kuch sinashdi. Dastlabki oʻyinda 2:0 hisobida magʻlub boʻlgan “Arkadagʼ”, ikkinchi oʻyinda super kambek amalga oshirgan holda raqibini 3:0 hisobida magʻlub etdi va turnir finaliga yoʻl oldi.

Jamoa finalda Kambodjaning “Preah Khan Reach Svay Rieng” klubi ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozondi.

Jamoa Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalarda 8 ta oʻyin oʻtkazgan. 6 ta oʻyinda gʻalaba qozongan va 2 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchragan.

Murabbiyi

Jamoani ayni paytda 41 yoshli mahalliy mutaxassis Ahmed Allaberdiyev boshqarmoqda. Allaberdiyev 2025-yilning 1-yanvaridan jamoani qabul qilib oldi.

Ushbu mutaxassis klub boshqaruviga kelguncha Turkmanistonning U-17 terma jamoasiga bosh murabbiylik qilgan. U ushbu jamoa bosh murabbiyligida oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan “CAFA National Cup” turnirida bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Jamoa futbolchilari

“Arkadag“ jamoasi futbolchilari Turkmaniston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadi. Yaqinda boʻlib oʻtgan “CAFA National Cup” musobaqasida Turkmaniston terma jamoasiga “Arkadag“ klubidan 16 nafar futbolchi jalb etildi. Ular bilan tanishing:

Rasul Choriyev, Rustam Axalliyev, Guychimurot Annaguliyev, Ixlos Toyjonov, Mekan Saparov, Abdi Bashimov, Ibroxim Mamedov, Berdimurot Reҗyebov, Arzuguli Sapargʻuldiyev, Velmurot Ballakov, Didar Durdiyev, Shamammet Xidirov, Shonazar Tirkashov, Altimurot Annadurdiyev, Begench Akmammedov.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo chempionlar ligasi II musobaqasining 1-turidan oʻrin olgan “Arkadag“ — “Andijon“ oʻyini 17-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da start oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер