Oʻzbekiston koronavirusga qarshi kurashish uchun Janubiy Koreyadan 5 mln dollar qabul qildi

15:16 13 Oktyabr 2021 Jamiyat
1157 0

Janubiy Koreya Oʻzbekistonda 2021-yilga moʻljallangan COVID-19 ga qarshi kompleks dasturini amalga oshirish uchun 5 million dollar ajratdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Xabarga koʻra, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan amalga oshiriladigan dasturning ishga tushirish tadbiri 12-oktabr kuni boʻlib oʻtdi.

Tadbirda sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Abdulla Azizov, sanitariya-epidemiologiya farovonligi va sogʻliqni saqlash xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shadmanov, Koreya tashqi ishlar vazirining koʻp tomonlama aloqalar va global masalalar boʻyicha oʻrinbosari Xam Sang Uk va boshqalar ishtirok etdi.

Dastur doirasida tomonlar Sanitariya-epidemiologiya farovonligi va sogʻliqni saqlash xizmati bilan yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda nazorat qilish boʻyicha KOICA dasturini amalga oshirish uchun 1,6 million dollar, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan oʻzaro memorandumlar imzoladi. Yuqumli kasalliklarni tadqiq etish salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirish uchun 300 ming dollar ajratildi.

Qayd etilishicha, 2021-yilgi dasturlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish boʻyicha boshqaruv salohiyatini kuchaytirish, yuqumli kasalliklar diagnostikasi laboratoriyalari sifatini nazorat qilish tizimini yaratish, yuqumli kasalliklar va emlashlar monitoringining milliy tizimini yaratish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, tadbir davomida KOICA Sogʻliqni saqlash vazirligiga umumiy qiymati 2,32 million dollar boʻlgan 87 ta kislorod generatorini 35 tumanlararo shoshilinch tibbiy yordam markazlarini jihozlash uchun sovgʻa qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?