Oʻzbekiston konstruktiv muloqotga mutlaqo ochiq ekanligini namoyish etmoqda — BMT maxsus maʼruzachisi Ahmad Shohid

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi
Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Vashingtonda boʻlib turgan BMTning din va eʼtiqod erkinligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shohid bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Elchi BMT maxsus maʼruzachisi bilan Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash, diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish va ularning erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, taʼqiqlangan tashkilotlarda qatnashganlikda ayblangan mahkumlarni ozod qilish, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, shu jumladan, maʼrifiy Islomni targʻib qilishning institutsional mexanizmlarini kengaytirish sohalarida koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi.
Oʻzbekistonning diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarida jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, dinlararo va madaniyatlararo muloqot gʻoyalari va tamoyillarini ilgari surishga juda muhim ahamiyat berilayotgani alohida taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda aholi radikallashuvi borasida barvaqt ogohlantirish va jamiyatning turli qatlamlari vakillarini, asosan, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan “jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili boʻyicha tizimli ravishdagi chora-tadbirlar majmui amalga oshirilmoqda.
Oʻz navbatida, Ahmad Shohid Oʻzbekistonning diniy erkinlikni taʼminlashdagi taraqqiyotidan mamnun ekanligini taʼkidladi. “Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 2017-yilda boʻlib oʻtgan birinchi uchrashuvimdan buyon uning tub oʻzgarishlarni amalga oshirishga qatʼiy qaror qilgani tufayli Oʻzbekiston inson huquqlarini, ayniqsa, vijdon erkinligi va dinga eʼtiqod huquqini targʻib etish va himoya qilish borasida samarali muvaffaqiyatlarga erishganiga guvoh boʻlyapman”, dedi BMT maxsus maʼruzachisi.
Uning aytishicha, Oʻzbekiston sanoqli davlatlar qatorida muammolarni bartaraf etishda xalqaro institutlar va ekspertlar hamjamiyati bilan konstruktiv muloqotga mutlaqo ochiq ekanligini namoyish etmoqda.
BMTning maxsus maʼruzachisi fikr, vijdon, din va eʼtiqod erkinligiga asoslangan xalqaro standartlar haqidagi bilimlarni oshirishga qaratilgan qoʻshma oʻquv dasturlarini tashkil qilish orqali Oʻzbekiston bilan diniy erkinlik sohasidagi taraqqiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Ahmad Shohid, shuningdek, bunday dasturlar tegishli davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillarining kasbiy salohiyatini rivojlantirishga ham imkon berishini qayd etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- Qatar Davlati Amiri davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring