Oʻzbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi tashkil qilinadi

12:42 04 Noyabr 2023 Hujjatlar
215 0

“Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–356-son, 03.11.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2023–2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Jumladan:

— aholining barcha qatlamlari karate bilan shugʻullanishi uchun hududlarda “Karate hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi;

— bogʻchalarda “Kids karate” (kids karate) loyihasi ishga tushiriladi.

Qaror bilan Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi Oʻzbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi etib qayta tashkil qilinib, joylarda uning hududiy boʻlinmalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida parakarateni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tuzilmasida parakarate boʻlimi tashkil etiladi.

2023–2026-yillarda Oʻzbekistonda karate (WKF) bilan doimiy shugʻullanuvchilar sonini 55 ming nafarga yetkazish (jumladan, joriy yilda 40 ming nafar) nazarda tutilgan.

2024-yildan boshlab har yili:

— respublikaning barcha hududlarida 7-oktyabr kuni – Butunjahon karate kuniga bagʻishlangan Karate festivali;
— karate va parakarate boʻyicha nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;
— belgilangan yosh toifalari boʻyicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar;
— karate boʻyicha davlat sport-taʼlim muassasalari oʻrtasida “Oʻzbekiston chempionati” musobaqasi oʻtkaziladi.

Qarorga koʻra, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida Oʻzbekiston karateni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.

Mazkur markaz barcha yosh toifalari boʻyicha terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun asosiy sport bazasi hisoblanadi.

2024-yil 1-martgacha joylarda karate bilan shugʻullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha sportchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq raqamlashtiriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga va magistratura mutaxassisligiga amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari joriy oʻquv yiliga nisbatan 2 baravarga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер