Oʻzbekiston iqlim boʻyicha mintaqaviy hamkorlik markaziga aylanmoqda
14-16-fevral kunlari Germaniyada “Koʻp qutblilik” shiori ostida 61-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Har yilgi jahon forumi 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, 150 dan ortiq tashqi ishlar hamda mudofaa vazirlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlarini toʻpladi. Konferensiyada jami 800 dan ziyod kishi, jumladan, ekspertlar, biznes va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Myunxen konferensiyasi doirasida oʻtkazilgan “Kaspiy muammosi: Yevroosiyo xavfsizligida iqlim va mojarolarni qayta koʻrib chiqish” mavzusidagi tadbirda asosiy maʼruzachi sifatida ishtirok etdi. U oʻz nutqida asosiy eʼtiborni bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi duch kelayotgan iqlim muammolariga qaratdi. Ekspert mintaqaning iqlim oʻzgarishlariga eng zaif hududlardan biri ekanligini taʼkidladi. Soʻnggi 30-yil ichida bu yerda harorat jahon boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan ikki barobar tezroq koʻtarilib, Selsiy shkalasi boʻyicha 1,5 darajaga oshgan. Bu vaqt ichida global harorat koʻrsatkichi esa 0,7 darajani tashkil etgan.
Shu munosabat bilan E.Aripov iqlim oʻzgarishlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun jiddiy xavf tugʻdirayotganini taʼkidladi. U asosiy omillar sifatida yerlarning jadal degradatsiyasi (hududning 37 foizi zarar koʻrgan), muzliklarning intensiv erishi (ularning hajmi soʻnggi 50-60-yil ichida 30 foizga kamaygan) va suv tanqisligining kuchayishini qayd etdi. Mintaqa aholisining 2050-yilga kelib 100 million kishigacha oʻsishi kutilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Jahon banki prognoziga koʻra, ushbu omillarning umumiy taʼsiri mintaqada qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligining 30 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
SMTI direktori taʼkidlashicha, bu jiddiy muammolarga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari uzoq vaqt davomida ekologik muammolarni birgalikda hal etish uchun birlashishga tayyor boʻlmagan edi. Biroq bugun vaziyat tubdan oʻzgardi: shubha-gumonlar va nosogʻlom raqobat oʻrnini ishonch, oʻzaro tushunish va mintaqaning umumiy muammolariga birgalikda yechim izlashga intilish egalladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “qoʻshnilar bilan muammosiz munosabatda boʻlish” tamoyilini eʼlon qilgan Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy kursi bu borada salmoqli rol oʻynagani taʼkidlandi. Bu mintaqani jipslashtirishning asosiy omili boʻlib, davlatlararo hamkorlikning noyob modelini shakllantirishga xizmat qildi.
Eldor Aripov iqlim oʻzgarishi va suv resurslari taqchilligi kabi masalalar bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikni ragʻbatlantiruvchi asosiy omil ekanligini taʼkidladi. Mintaqada iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha harakatlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida suv-iqlim muloqoti yoʻlga qoʻyildi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) tashkil etildi, Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi tasdiqlandi hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy strategiya qabul qilindi.
Shu bilan bir qatorda, mamlakatlar xalqaro maydonlarda oʻz harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. BMTning Dubaydagi iqlim sammiti doirasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ishtirokida “5 mamlakat — 1 hudud — 1 ovoz” nomli Markaziy Osiyo mintaqaviy pavilyoni tashkil etildi. U mintaqaning yagona ovozini ilgari surishga xizmat qildi.
E.Aripov milliy miqyosda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida gapirar ekan, Oʻzbekiston oʻz oldiga strategik maqsad — resurslarni tejaydigan, “yashil” rivojlanish modeliga oʻtish orqali ekologik barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashni qoʻyganini taʼkidladi. Uning aytishicha, bu yoʻnalishda sezilarli natijalarga erishilgan. Mamlakatda sugʻoriladigan yerlarning qariyb 2 million gektarida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan boʻlib, bu qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan maydonlarning 46 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda 9,6 gigavattlik zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. 2030-yilga kelib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 16 foizdan 54 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
SMTI rahbari mintaqada yuzaga kelayotgan bir qator muammolarni taʼkidlab oʻtdi. Asosiy muammolar qatorida iqlimga neytral texnologiyalarga oʻtish va iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish uchun moliyaviy mablagʻlarning yetishmasligi alohida qayd etildi. Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun kelgusi 5-10-yil ichida butun mintaqaga kamida 20 milliard dollar miqdorida investitsiyalar kiritish zarurati mavjud.
Shu munosabat bilan E.Aripov suv-energetika sohasiga sarmoyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, soha mutaxassislarini tayyorlash ustuvor vazifalar boʻlib qolayotganini taʼkidladi. “Bu masalalar joriy yilda yurtimizda oʻtkaziladigan «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida hamda Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bagʻishlangan konferensiyada muhokama qilinadi,« deya maʼlum qildi u. Ekspert Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda mintaqa va xalqaro hamkorlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish uchun asosiy maydonga aylanishiga ishonch bildirdi.
1963-yildan beri oʻtkazilib kelinayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi xalqaro siyosatni muhokama qilish va eng dolzarb global muammolarni hal etishga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni taqdim etish uchun dunyoning yetakchi forumi hisoblanadi. U davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek, sanoat, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati yetakchilarini bir joyga toʻplaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring