O‘zbekiston “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili tarafdori

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida quyidagicha yozadi: “Urushda gʻolib va baxtli podshoh, gʻolib va baxtli qoʻshin, gʻolib va baxtli davlat, gʻolib va baxtli tuzum boʻlishi mumkin. Ammo gʻolib va baxtli odam boʻlmaydi. Negaki, urush odamni odam oʻldirishga majbur qiladi. Odam oʻldirgan odam esa hech qachon baxtli boʻlmaydi!”
1 yildan ziyod vaqtdan beri davom etayotgan Falastin – Isroil urushi nafaqat musulmon dunyosini, balki jahon ommasining diqqat markazida turibdi. Xususan, Gʻazo sektorida halok boʻlayotgan begunoh insonlarning 70 foizdan ziyodini ayollar va goʻdaklar tashkil etishini, Gʻazodagi tibbiyot majmualarining kundan kunga falajlanib borayotganini, gumanitar yordam koridorlarining toʻsib qoʻyilishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.
Yaqin Sharqda yuzaga kelgan keskin vaziyat dunyoning geosiyosiy manzarasi oʻzgarib borayotganidan dalolat. Falastin – Isroil urushining nihoyasiga yetmayotgani, dunyo hamjamiyatining qatʼiy chaqiriqlariga ahamiyat qaratmasdan xalqaro meʼyorlarning qoʻpol ravishda buzilayotgani va eng achinarlisi bunda asosan begunoh, tinch aholining mislsiz darajada jabr koʻrayotgani davlatimiz rahbarining xalqaro anjumanlarda koʻtarayotgan global muammolardan biridir. Mazkur masala joriy yilning 24-oktyabr kuni BRIKS plyus, 6-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining Bishkek sammitlarida ham kun tartibiga qoʻyilgan edi. Mazkur yirik xalqaro sammitlarda Oʻzbekiston “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili tarafdori ekanini bildirgan edi.
Joriy yilning 11-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahrida oʻtkazilgan arab-islom sammitida ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Nutq davomida Prezidentimiz urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olganidan qalblar larzaga kelganini taʼkidlab, mazkur vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanayotganini taassuf bilan qayd etdi.
Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yoʻq qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum boʻlayotganiga indamay qarab turib boʻlmaydi, deya Prezidentimiz mamlakatimizning qatʼiy pozitsiyasini bildirdi.
Ushbu olamshumul fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilinayotgani urushning yoyilib ketish ehtimolini yanada oshirib yuborayotgani qayd etildi va jafokash Falastin xalqiga nisbatan doim yordam qoʻli choʻzilishi har qachongidan ham muhim ekanligi, 1967-yilgi chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlati tuzilishi Oʻzbekiston tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishi aytib oʻtildi.
Yurtboshimiz ushbu sammitda urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekiston shifoxonalarida begʻaraz davolashga mamlakatimiz tayyorligini eʼlon qilgani nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etildi.
Yana bir jihat: muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini taʼminlash hamda ularni beshikast saqlab qolinishiga mazkur global alyans va Islom hamkorlik tashkiloti alohida ahamiyat qaratishi lozimligi taʼkidlandi.
Xulosa oʻrnida Oʻtkir Hoshimovga yana bir karra yuzlanamiz: «Urush bilan besh kunda bitadigan muammo tinchlik bilan besh yilda bitsa, ikkinchi yoʻlni tanlash kerak!
Alloh taolodan butun olam tinchligini, baxt-u iqbolini soʻrab qolamiz.
Eldor Shermonov,
Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy
musiqa sanʼati instituti rektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring