“Oʻzbekiston havo yoʻllari“ga baribirmi?! Chipta narxlari keskin oshirilgani tanqid qilindi

11:59 27 May 2019 Jamiyat
2513 0

Illyustrativ foto

Sarlavhani oʻqib, hayolingizga birinchi kelgan narsa, yana bilet narxi oshdimi degan savol boʻlsa kerak. Ha oshdi, salkam ikki barobarga! Kechagina ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp bahs va mulohazalarga sababchi boʻlgan voqealarning biri “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tomonidan ichki reyslar uchun bilet narxlari oshirilgani, masalan, 4-may kuni Toshkent-Urganch reysi boʻylab Y klassda 461 ming soʻm evaziga parvoz qilgan boʻlsa, endilikda xuddi shu klass uchun bilet narxi 887 ming soʻm etib belgilangani haqida xabarlardir, bu summani aniq tasavvur eting naqd 100 dollardan koʻpdir. Ha, endi respublikamiz ichida, masalan, Toshkentdan Qoraqalpoqqacha parvoz etmoqchi boʻlsangiz yoʻl kiraning oʻziga 100 dollardan koʻp pulingiz boʻlishi kerak. Endi bir oʻylab koʻring, mamlakatimizda oʻrtacha ish haqining normal ahvoli shuncha summa boʻlsa. Masalaning eng ahamiyatli tarafi, bu haqida Oʻzbekiston havo yoʻllari aholiga hech qanday rasmiy maʼlumot bermagan. Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston havo yoʻllari ichki va tashqi reyslarni amalga oshiruvchi yagona monopol kompaniyadir. Kuniga minglab yoʻlovchilar, uzoq va yaqin masofalarga ushbu kompaniya transportidan foydalanadi. Demak, kompaniya monopol tashkilot boʻlishidan qatʼiy, aholi, isteʼmolchilar talablarini ham qondirish kerak.

Azamat Tilepov (32 yosh) – Yaqinda onamning mazalari qochdi. Nukusda shifoxonaga koʻrsatganimizda, zudlik bilan Toshkentda tekshirtirishimiz kerakligi aytishdi. Butun oila xavotirga tushdik. Qoʻshni-qarindoshlar qarz qilib pul toʻpladik. Ammo, samolyot bilet narxini eski narx boʻyicha hisobga olibmiz. Qarasak, Y klass narxi ikki barobarga oshibdi, boshqa klasslarda boʻlsa joy qolmagan ekan. Noiloj, biletni sotib oldik.

Hammamiz ham, samolyotda pulimiz koʻpligi uchun parvoz qilmaymiz. Oxirgi paytlar bu sohada yangi qarorlar, chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi qulogʻimizga chalingandi. Ammo, bu xalq manfaati uchun deb oʻylagandik. Albatta, mamlakatimizda 1999-yil 19-avgustda yangi tahrirda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida“gi qonun amalda va ushbu qonunning asosiy maqsadi tovar bozorlarida tabiiy monopoliya subyektlarining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarni tartibga solishdan, shuningdek isteʼmolchilar, davlat va tabiiy monopoliya subyektlari manfaatlarining mutanosibligini taʼminlashdan iborat.

Ushbu qonundan oldinroq, yaʼni 1996-yilning 26-aprelida qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunning 2-moddasida, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir, deyiladi, yaʼni “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida“gi qonun ham isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari jumlasidandir. Qonunning 4-moddasiga koʻra, isteʼmolchi tovar (ish, xizmat) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish huquqiga ega, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) esa isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shartligi belgilab qoʻyilgan (6-modda). Haqiqatan ham, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida“gi qonun talablaridan kelib chiqib, monopol mahsulot egasi, yaʼni Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi (OʻHY MAK) narxlar (tariflar)ni oshirish boʻyicha loyiha vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqilgandan soʻng, ushbu organning qarorini narxlar oshirilishidan 15 kun avval ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishi (7-modda) va isteʼmolchilarni ogohlantirishi lozim edi. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunning 21-moddasiga koʻra, shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonun hujjatlariga zid boʻlgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Tabiiy monopoliya subʼkti narxlarni oshganligi toʻgʻrisida OAVda oldindan maʼlumot berilishini taʼminlab bermasligi natijasida, 21-moddada keltirib oʻtilganidek, isteʼmolchilar huquqlarini cheklab qoʻyish va qonun hujjatlariga zid boʻlgan talablarni qoʻyish yuzaga kelmoqda, deyish mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, OʻHY MAK masʼullariga narxlar (tariflar)ni oshirilishi boʻyicha OAVlarda isteʼmolchilar keng ommasini xabardor etish, shundan soʻngina qonunlar bilan belgilab berilgan muddatlar toʻliq oʻtgach (yaʼni 15 kun), aviachiptalar narxlarini oshirish qonun talablari boʻyicha toʻgʻri boʻlishi toʻgʻrisida eslatib oʻtamiz.
Shuningdek, aviachipta narxlarini optimallashtirish va aviakompaniyalar sonini koʻpaytirish, sohada sogʻlom raqobatni shakllantirish vaqti keldi. Shuni alohida aytib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston Havo yoʻllari xususida aytilmagan  muammolar hali koʻpligini taʼkidlamay ilojimiz yoʻq.

Ayjamal JOLDASBAYEVA, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?