Oʻzbekiston fuqarolaridan Isroil va Eronga safar qilishdan tiyilish soʻraldi

17:41 22 Iyun 2025 Jamiyat
209 0

Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston fuqarolaridan Isroil va Eronga safar qilishdan tiyilish, ushbu mamlakatlarda boʻlganlardan esa imkon qadar xavfsiz hududlarga chiqib ketishlarini soʻradi. Bu haqda TIV rahbari matbuot kotibi Axror Burxanov Telegram kanalida yozib qoldirdi.

Uning qayd etishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyatning shiddat bilan keskinlashayotgani Oʻzbekistonda chuqur xavotir uygʻotmoqda va mamlakat doimo mintaqadagi barcha tomonlarni oʻzaro muzokaralar orqali tinchlik yoʻlida harakat qilishga chaqirib kelgan.

“Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston fuqarolaridan Isroil va Eronga safar qilishdan tiyilishni, ushbu mamlakatlarda boʻlgan fuqarolarimizdan esa imkon qadar xavfsiz hududlarga chiqib ketishlarini soʻraymiz. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida zarur choralar koʻrilmoqda, fuqarolarimizdan hushyorlikni saqlashni va rasmiy eʼlonlarni kuzatib borishni iltimos qilamiz”, deb yozadi TIV vakili.

Yaqin Sharqdagi keskinlik. AQSH Eronga zarba berdi

22-iyunga oʻtar kechasi AQSH Eronning Fordo yadroviy obyektiga B-2 Spirit bombardimonchilari bilan 6 ta bunker teshuvchi bomba tashladi. Bundan tashqari, yana ikki yadroviy obyekt — Natanz va Isfahonga ham 640 km uzoqlikdagi suvosti kemalaridan 30 ta Tomahawk raketasi uchirilgan.

“Biz zarbalarni muvaffaqiyatli yakunladik. Bombalarning toʻliq yuklamasi asosiy nishon — Fordoga tashlandi. Barcha samolyotlar Eron havo hududidan tashqarida, endi xavfsiz tarzda ortga qaytmoqda”, deb yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.

Shuningdek u “bunday ishni dunyodagi boshqa hech bir harbiy kuch bajara olmasdi”, deya taʼkidlagan.

Xalqaro atom energetika agentligi (XAEA) rahbari Rafael Grossi AQSHning Eronga zarbasi tufayli boshqaruv kengashini favqulodda yigʻilishga chaqirdi.

Eron tashqi ishlar vazirligi AQSHning Islom Respublikasi yadroviy inshootlariga hujumi ularning Isroilning dastlabki zarbasini rejalashtirishda ishtirok etganidan dalolat berishini qayd etib, xalqaro hamjamiyatning bu jarayonda jim turishi xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solishini qoʻshimcha qilgan.

Oʻz navbatida, XAEA AQSH zarbalaridan keyin Eron yadroviy inshootlari tashqarisida radiatsiya darajasi oshgani kuzatilmaganini bildirdi. Eron Yadro xavfsizligi markazi ham radioaktiv moddalar sizib chiqmaganini tasdiqladi.

AQSH zarbalaridan keyin Eron Isroilga ilk bor “Xaybar Shekan” ballistik raketalari bilan zarba berdi. Bu safar Isroildagi biologik tadqiqot markazi va qoʻmondonlik markazlari joylashgan Ben Gurion aeroportiga hujum qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?