Oʻzbekiston yetarli guruch zaxiralariga ega – Qishloq xoʻjaligi vazirligi

16:51 25 Iyul 2023 Jamiyat
373 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Hindistondan importning cheklanishi bilan Oʻzbekistonda guruch yetishmovchiligi yaqinlashayotgani va tez orada narxlar keskin oshib ketishi haqida xabarlar paydo boʻldi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi bu xabarlarga munosabat bildirdi.  

“Oʻzbekiston Respublikasida har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekib, yetishtiriladi. Respublika sharoitida aholi jon boshiga oʻrtacha yiliga 9,8 kgdan guruch isteʼmoli talab etiladi. Yaʼni respublika aholisini toʻliq guruch mahsulotlari bilan taʼminlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.  

Respublika hududlarida 2022-yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Yaʼni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021-yilga nisbatan 48 ming tonna koʻp sholi yetishtirilgan).  

Tahlillarga koʻra, 2022-yilda respublika boʻyicha 8 ming tonna guruch import qilingan boʻlsa, 2023-yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Yaʼni isteʼmolga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.  

Guruch importi Qozogʻistondan 29,3 ming tonna (54,7 foiz), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 265 tonna (0,5 foiz) va Hindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) guruch importi amalga oshirilgan.  

Yuqoridagilarni inobatga olib, xulosaga koʻra soʻnggi 5 yilda Hindiston mamlakatidan respublikamizga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos.  

Joriy yilda Hindiston mamlakatining boshqa mamlakatlarga guruch eksporti toʻxtalishi Oʻzbekistonga oʻz taʼsirini koʻrsatmaydi.  

Jahon bozorida 2023-yil iyun holatiga oʻrtacha guruch narxi 1,93 AQSH dollari (22 364 soʻm), eng arzon narx 0,52 AQSH dollar (6025 soʻm) (Tunis), maksimal narx 4,84 AQSH dollarni (56 086 soʻm, Serbiya) tashkil etmoqda.  

Bugungi kunda Oʻzbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 soʻmdan 25 000 soʻmgacha sotilmoqda (oʻtgan yil mos davriga nisbatan 35,2 foizga oʻsgan).  

Jumladan, guruchning “Avangard” navi 11 500 – 17 500 soʻmgacha, “Alanga” navi 16 000 – 18 500 ming soʻmgacha, “Lazer” navi 19 500 – 25 000 soʻmgacha sotilmoqda.  

Shuningdek, kuzatuv natijalariga koʻra, guruchning minimal narxi Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2» va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 soʻm qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 soʻmdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 soʻmni tashkil etgan.  

Barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz taʼminlangan hamda zaxiralar yetarli.  

Aholini turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruch narxi oshib ketishi asossiz targʻib qilinishidan ogoh boʻlishga chaqirib, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga harakatlarni amalga oshirishga turtki boʻlayotganligini maʼlum qilamiz”, – deyiladi vazirlik munosabatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?