Oʻzbekiston dunyoda birinchi boʻlib eTIR – elektron xalqaro tashuvini amalga oshirdi

13:26 11 Yanvar 2023 Jamiyat
471 0

Yaqinda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi toʻliq raqamlashtirilgan “eTIR” tashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Poytaxtimizdagi “Ark-Buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidan eksportga rasmiylashtirilgan sarxil va quruq mevalar ortilgan 4 ta konteynerdan iborat birinchi eTIR (multimodal) tashuvi oʻzbek tashuvchisi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportidan Ozarbayjonning Baku aeroportiga yetkazildi va Baku Kargo Terminal bojxona postida eTIR elektron kafolati asosida importga rasmiylashtirildi.

Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan qizgʻin qarshi olindi va nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali keng eʼtirof etilmoqda.

Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy yangiliklar saytida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari oʻrtasida yuk tashish sharoitlarini yaxshilash gʻoyasining haqiqiy timsoli, deya baholangan.

Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi rasmiy saytida ushbu voqeliqkni «xalqaro transportda raqamli davrning boshlanishi” deya eʼtirof etdi. Taʼkidlanishicha, hozirga qadar faqat Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Gruziya eTIR xalqaro tizimiga integratsiyani toʻliq yakuniga yetkazgan. Tunis, Pokiston va Turkiya bu yoʻnalishdagi ishlarni hali davom ettirmoqda. Tashkilot 2023-yilda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarini bogʻlovchi koridorlar boʻylab eTIRni ommalashtirishga asosiy eʼtibor qaratilishini maʼlum qilgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti rasmiy saytida “Oʻzbekiston va Ozarbayjon dunyodagi birinchi global eTIR transport operatsiyasini amalga oshirdi” deya bayonot berdi va oʻz tabrigini yoʻlladi.

“Ushbu yutuq transport va tranzit sohasida kelgusidagi hamkorlik va innovatsiyalarni ilhomlantiradi, biz aʼzo davlatlarimizning bu boradagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga va yordam berishga tayyormiz” deyiladi tashkilotning rasmiy saytida eʼlon qilingan materialda.

Ozarbayjon iqtisodiyot vazirligi esa ikkala mamlakat oʻrtasida elektron tarzda amalga oshirilgan ushbu tashuvni “qogʻozbozlik byurokratiyasi”ni chetlab oʻtgan ilk tashuv deya eʼtirof etdi.

Shuningdek, mazkur yangilik Turkiya ommaviy axborot vositalari orqali ham keng yoritilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?