Oʻzbekiston delegatsiyasi Oʻzbekiston va Belarus ayollarning biznes-forumida ishtirok etadi

16:31 31 Avgust 2023 Siyosat
1047 0

Joriy yilning 4 — 7-sentyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasiga boradi.

Tashrif mobaynida Oʻzbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumi boʻlib oʻtadi.

Forum doirasida “Tadbirkorlikdagi ayollar – Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusida yalpi majlis, koʻrgazmalar va oltita tematik seksiya yigʻilishlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlarda Oʻzbekiston tomonidan sanoat korxonalari, qishloq va fermer xoʻjaliklari, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, madaniy-gumanitar, shuningdek, turizm va transport kompaniyalari vakillari ishtirok etadilar.

Forum yakunida bir qator muhim hujjatlar, shu jumladan tijoriy kelishuv va shartnomalar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning 29-iyun – 2-iyul kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Oʻzbekiston tadbirkor ayollari delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida boʻlib, Oʻzbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining birinchi biznes-forumi oʻtkazilgan edi. Uning natijalariga koʻra, 54 mln dollardan ortiq miqdorda shartnoma va memorandumlar imzolangan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер