OʻZBEKISTON BAYROGʻI

15:48 16 Noyabr 2021 Jamiyat
1677 0

18-noyabr — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun

Har qanday lashkarning ham

Oʻz tugʻi, yalovi bor,

Sen qaysi saltanatdan,

Sen qaysi davlatdan kam.

Qoʻrgʻonlar qatorida

Bir qoʻrgʻonsan ustuvor,

Vallamat, tugʻdor yurtim,

Muhtasham Respublikam.

Oʻylayman, ha, olamda

Nisbiy erur koʻp holat,

Zamona gʻalviridan

Har narsa oʻtaverar.

Tarix uchun va lekin

Kim ham bergay kafolat,

Yakka inson bir yoʻlchi:

Kelaru ketaberar.

Qadim-qadim zamonda

Yunonlik haykaltarosh,

Bir sanʼat yaratibdi,

Maqsadi - bir burda non.

Haykal esa asrlar

Sinoviga bermish dosh,

Bugun uni koʻklarga

Koʻtarar butkul jahon.

Koʻzni kattaroq ochib

Boqsang bu muammoga,

Alam qilgulik qadar

Kam yashar inson zoti,

Faqatgina xalq sohib

Bardavom bu dunyoga,

Asragay har kas nomin

Faqat xalqning hayoti.

Sanasang hodisot moʻl

Oʻzbekning tarixida,

Har biriga bir noma

Yoki doston bitgulik.

Ne zotlar oqmagan bu

Asrlar arigʻida,

Har biri bitta xalqning

Gʻururiga yetgulik.

Barchaga ayon erur

Men aytgan ushbu gaplar,

To hanuz asablarni

Ezgʻilar bu shum oʻtmish.

Moziyga oʻqtin-oʻqtin

Sochsak hamki gʻazablar,

Lekin ayting, oʻzbekning

Qoʻlidan kim ham tutmish?

Bir kuni yovqur shoir

Yaʼni Turdi Farogʻiy,

Boʻltak boʻlgan bu xalqqa

Birlash deb qildi xitob.

Bejavob qolaberdi

Uning dardli soʻrogʻi,

Oʻsha-oʻsha zamin kar,

Oʻsha-oʻsha gung oftob.

Bugun zimdan nazar sol

Sen mana bu bayroqqa,

Mayliga bir daqiqa

Unutgin turfa kekni.

Shu bayroq nomimizni

Eltdi yiroq-yiroqqa,

Shu bayroq birlashtirar

Qayda boʻlsa oʻzbekni.

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер