“Oʻzbekiston — 2030”: xalq fikri bilan shakllanayotgan yangi taraqqiyot mezonlari
Mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlar hayotimizda sezilarli oʻzgarishlar yasadi. Biroq bugungi taraqqiyot shiddati, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar va koʻzlangan yuksak marralar davlat hamda jamiyat rivoji yoʻlida yangi talablarni oldimizga qoʻymoqda. Shu maʼnoda, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish zarurati kun tartibiga chiqdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili 26-dekabrdagi Murojaatnomasida mazkur masalaga alohida urgʻu berilib, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini belgilaydigan ushbu hujjat hayot talablariga mos, eng muhimi, xalqning fikr va takliflari asosida takomillashtirilishi lozimligi taʼkidlandi.
Shu asosda strategiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bu faqat rasmiy jarayon emas, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Fuqarolar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari ishtirokida bildirilayotgan har bir taklif hujjatni yanada hayotiy, amaliy va xalqchil etishga xizmat qilmoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ushbu jarayonning qanday tashkil etilayotganiga eʼtibor qaratildi. Unda “Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yoʻnalishi boʻyicha yangilanayotgan ustuvor vazifalar keng jamoatchilikka taqdim etildi. Tadbirda davlat idoralari vakillari, ekspertlar va jurnalistlar faol qatnashdi.
Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining takomillashtirilishi mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Unga koʻra, keng jamoatchilik ishtirokida shakllanayotgan strategiya nafaqat davlat idoralari, balki oddiy fuqarolarning ham manfaatlarini ifoda etuvchi dasturga aylanishi kerak.
— Strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biri davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini tubdan raqamlashtirishdir, — deydi Adliya vazirligi departamenti boshligʻi Eldor Mahkamov. — Bu ish samaradorligini yanada oshiradi va fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.
Uning taʼkidlashicha, arxiv materiallarining 80 foizini raqamlashtirish, “E-qaror” tizimi orqali hokimlik qarorlarini 100 foiz elektron shaklga oʻtkazish byurokratik toʻsiqlarni keskin kamaytiradi.
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida “byurokratiyani nol” tamoyilini toʻliq joriy etish, 20 dan ortiq elektron tizimlarni hokimliklar ishiga tatbiq qilish rejalashtirilgan. Davlat xizmatlari sohasida esa kompozit va proaktiv xizmatlar sonini 400 taga yetkazish, koʻplab xizmatlar muddatini ikki baravar qisqartirish va tartib-taomillarni soddalashtirish koʻzda tutilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ham strategiya loyihasida raqamli davlat boshqaruvini kompleks rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladi. Yagona raqamli muhit asosida davlat xizmatlarini tashkil etish shaffoflikni kuchaytiradi, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshiradi, aholi hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Mazkur yoʻnalishda xalqaro maqsadlar ham aniq belgilangan. Xususan, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida “TOP — 30” talikka kirish, “Xalq nazorati” portalini barcha hududda toʻliq joriy etish va “Raqamli hukumat” yagona platformasiga ulangan xizmatlar sonini 700 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish masalalariga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi departament mudiri Gʻolibjon Abduazizov islohotlarning inson omili bilan bogʻliq jihatlariga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, idoralar ichki ish yurituvini bosqichma-bosqich maqbullashtirish, qogʻozbozlikni kamaytirish, davlat fuqarolik xizmatida karyerani faqat malaka va salohiyat asosida shakllantirish zamonaviy davlat boshqaruvining asosiy shartlaridandir. Shuningdek, barcha davlat xizmatchilarining onlayn malaka oshirishga toʻliq jalb etilishi va raqamli platformalardan foydalanishi tizim samaradorligini oshiradi.
Anjumanda jurnalistlarning savollariga berilgan javoblardan ham bir narsa ayon boʻldi: “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi — bu faqat rejalar majmuasi emas, balki xalq bilan birga, xalq uchun ishlab chiqilayotgan hujjatdir. Uning dolzarbligi shundaki, strategiya mamlakat taraqqiyotining zamon bilan hamnafas boʻlishiga, yurtdoshlarimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring