Oʻzbekiston 2024-yili 3,5 mlrd dollarlik turizm xizmatlarini eksport qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qilinishicha, xizmatlar koʻlamini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2 mingta avtomobil kreditiga kafil boʻlib, 4 ming odamni ishli qilish taklifi bilan chiqqan.
Buning hisobiga yangi zamonaviy taksilar koʻpayadi. Bunday loyihalarga banklar 1 trillion soʻm kredit ajratishga tayyor.
Koʻplab avtosalonlar avtomobil xaridi uchun pul toʻliq toʻlansa chegirma bermoqda. Lekin amaldagi qoidalarga koʻra, kreditga beriladigan avtomashina uchun bu chegirmani banklar qabul qilmaydi. Vaholanki, banklarga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4 foizga arzonlashadi.
Bu cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish muhimligi taʼkidlandi.
Umuman, bu yil transport xizmatlari hajmini 15 foizga oshirib, 185 trillion soʻmga, eksportini 2,2 milliard dollarga olib chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar boʻldi. Lekin, bu imkoniyatlarimizga mos emasligi qayd etildi.
Masalan, Malayziya va Indoneziyada 7 millionga yaqin Naqshbandiya tariqati izdoshlari bor. Ular Umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga sayohat qilishni istaydi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin oʻzimizni samolyotda Umraga yuborish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun “Umra plyus” turpaketini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qalʼa”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston” maydonlari boʻlsada, ularda konsert, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish boʻyicha reja qilinmagani koʻrsatib oʻtildi. Oʻzimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan toʻlishi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va koʻrgazmalar oʻtkazish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, toʻliq oʻrganilmagan tarixiy obyektlar juda koʻpligini inobatga olib olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy obyektlarni aniqlash va restavratsiya qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring