Oʻzbek tili — buyuk madaniyatga ega xalqning tili — misrlik olima
Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga bagʻishlangan ijodiy kecha tashkil qilindi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.
Tadbirda Misr oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, xususan, Ayn Shams universitetining filologiya fanlari doktori, professor Magida Maxluf, Qohira universitetining Sharq tillari kafedrasi mudiri, filologiya fanlar doktori, professor Jalol as-Said al-Xafnavi, Axborot va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori, siyosiy fanlar doktori Ahmad Tahir, Osiyo mamlakatlari boʻyicha tadqiqotchi olim Ahmad Abdo Tarabik, shuningdek, Misr – Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari, MAR oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.
Ijodiy kechada Oʻzbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 10-aprel kuni “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunni imzolagani, huquqiy hujjat bilan 21-oktyabr kuni yurtimizda bayram deb eʼlon qilinganini alohida qayd etdi.
– Ota-bobolarimiz asrlar davomida ona tilimiz yordamida jahonga oʻz soʻzini aytib kelgan va shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, benazir ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratgan, – dedi O.Usmonov. – Hozirgi kunda dunyoda 50 million nafarga yaqin inson oʻzbek tilida soʻzlashadi. Oʻzbek tili Misr, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 65 ga yaqin universitet va 100 dan ziyod maktablarida oʻqitilmoqda. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ortmoqda. Fursatdan foydalanib, Qohira universitetining Sharq tillari kafedrasi mudiri, professor Jalol as-Said al-Xafnaviyga oʻzbek tilini Qohira universiteti oʻquv dasturiga kiritishdagi tashabbusi uchun minnatdorlik bildiramiz.
Qayd etish joiz, Ayn Shams universitetining filologiya fakulteti professori, doktor Magida Maxluf xonim “Boburnoma” asarini turk va oʻzbek tilidan arab tiliga tarjima qilish uchun yigirma yil davomida izlanishlar olib bordi. Shuningdek, Osiyo mamlakatlari boʻyicha tadqiqotchi olim Ahmad Abdo Tarabik ham “Oʻzbekiston va islom sivilizatsiyasi oʻchoqlari” nomli kitob tayyorlab, uni nashr qildi. Misr yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Abdurahmon Al-Xamisi esa ikki jildlik “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobini qayta chop etdi. Tadbirda misrlik olimlarning ushbu saʼy-harakatlari alohida eʼtirof etildi.
Professor Magida Maxlufning qayd etishicha, “Oʻzbekiston xalqi misrliklar qalbidan alohida oʻrin olgan. Zero, ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, oʻzbek xalqi vakillari Misrda yashab, Tuluniylar va Axshidiylar davlatchiligiga asos solgan va shu zaminda ijod qilgan. Shu oʻrinda Nil sathini oʻlchashda ishlatilgan Al-Fargʻoniy mehnatini minnatdorlik bilan yodga olish oʻrinli.
Oʻzbek xalqi tarixi meni oʻziga rom etgani uchun “Boburnoma”ni tarjima qilishga kirishdim.
Oʻzbek tili haqida soʻz yuritganda, «Qutadgʻu bilik» asarining bir nusxasi va albatta Alisher Navoiyning sheʼriy devonlari Qohiradagi Kitoblar va milliy arxivlar uyida saqlanishini eslash joiz. Misrda bu kitoblardan yaqin davrgacha faol foydalanilgan. Oʻzbek tili – buyuk madaniyatga ega xalq tilidir. Unda jahon tamadduni rivojining yuksak namunalari oʻz ifodasini topgan”.
Tadbirda Qohira universiteti magistranti, yosh olima Habiba Muhammad soʻzga chiqib, barchani oʻzbek tilida qutladi. Oʻzbek tilining rivojlanish tarixi, uning morfologik xususiyatlari boʻyicha olib borayotgan izlanishlari natijalari haqida maʼlumot berdi.
Ijodiy kechada Osiyo mamlakatlari boʻyicha tadqiqotchi olim Ahmad Abdo Tarabik “Oʻzbekiston va islom sivilizatsiyasi oʻchoqlari” nomli kitobini tadbir ishtirokchilariga taqdim etdi.
Kitobning “Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi beshigi” deb nomlangan bobida mamlakatimiz tarixi, geografik joylashuvi, aholisi va tili, shuningdek, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm kabi tarixiy shaharlar haqida ilmiy manbalarga asoslangan maʼlumotlar keltirilgan. Kitobning ikkinchi bobida dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar – Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Fargʻoniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy hayoti va ular ijodiy faoliyatlariga alohida oʻrin berilgan.
Hayotga boʻlgan munosabat ertak va hikoyalarning asosiy mavzularidan biridir. Misr yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Abdurahmon al-Xamisiy arab tilida nashr etilgan “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobida ham ayni jihatlar oʻz aksini topgan. Muallifning ushbu kitobi bilan tanishgan inson ikki mamlakat xalqlari ogʻzaki ijodi bir-biriga oʻxshash ekaniga ishonch hosil qiladi.
Bayramda, shuningdek, Misr Arab Respublikasi Prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, elchi, doktor Fayza Abu Naga (2003-2011-yillarda Misr xalqaro hamkorlik vaziri, Oʻzbekiston-Misr Hukumatlararo qoʻshma komissiya hamraisi) va Misrning yangi tayinlangan Oʻzbekistondagi elchisi Amira Fahmiylarning samimiy tabrik va qutlovlari oʻqib eshittirildi.
Fayza Abu Naga oʻz maktubida Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga tashrifi yuqori saviyada tashkil etilganini eslab oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtkazilgan samarali, konstruktiv ruhdagi muloqotlar va yuqori darajada imzolangan hujjatlar hozirgi kunda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning barcha sohalardagi rivoji uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotganini qayd etdi. Bayram munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga ezgu tilaklarini izhor etdi.
Oʻz navbatida, Misrning yangi tayinlangan Toshkentdagi elchisi Amira Fahmi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish, iqtisodiy, investitsiyaviy, gumanitar va boshqa sohalarda aloqalarni yana-da mustahkamlash oʻzining munosib hissasini qoʻshishini bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring