Oʻzbek milliy filmlari xalqaro kinofestivalda ishtirok etadi
Joriy yilning 27-31-yanvar kunlari Hindistonning Mumbay shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlar badiiy va televizion filmlari festivali boʻlib oʻtadi.
Festivalda ishtirok etish va kino industriya sohalarida tajriba almashish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasidan ham bir guruh vakillar Hindistonning Mumbay shahriga yoʻl olishmoqda.
Festival davomida Hilol Nasimovning “Meros” va Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” filmlari qatnashadi. Shu bilan birga, konkursdan tashqari Akrom Shohnazarovning “101 reys” hamda Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmlari namoyish etilishi rejalashtiligan.
Qayd etish joizki, bir necha kun avval Kinematografiya agentligi rahbariyati Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Praxbat bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda Mumbayda boʻlib oʻtadigan SHHT davlatlari badiiy va televizion filmlar kinofestivalida oʻzbekistonlik kinoijodkorlarning ishtiroki, kelajakdagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Shuningdek oʻzbek-hind qoʻshma loyihasi “Xiva langari” tarixiy-badiiy filmi yuzasidan fikr almashilgan, yangi filmlar distributsiya yoʻnalishida ham yangi kelishuvlar amalga oshirilishi boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgan edi.
Maʼlumot uchun, uzoq yillar davomida Milliy kinoni rivojlantirish korporatsiyasi (NFDC) Hindistonning eng mashhur kinoijodkorlari, jumladan Satyajit Rey, Mira Nair, Aparna Sen, Shyama Benegal, Govind Nihalani, Mrinal Sen, Richard Attenboro, Ador Gopalkrishnan va Ketan Mehta bilan hamkorlik qilgan.
NFDC davlat-xususiy hamkorligi ishtirokida loyihalarni birgalikda ishlab chiqarish orqali yangi zamin yaratadi.
NFDC Hindistonda suratga olish uchun qator ishlab chiqarish xizmatlarini va chet ellik mijozlar uchun animatsiya xizmatlarini taqdim etadi.
NFDC Goa shahrida boʻlib oʻtadigan Hindiston xalqaro kinofestivali bilan bir qatorda Janubiy Osiyo mintaqasi uchun hamkorlikda ishlab chiqarish va targʻib etish bozori boʻlgan “Film Bazaar India” ni tashkil qilmoqda.
NFDC hind tilida suratga olingan turli filmlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish orqali kino sohasida mukammallikni rivojlantirish va uning madaniyati xilma-xilligini targʻib qilishga qaratilgan.
Festivalning asosiy maqsadi ishlab chiqarish va hamkorlikdagi loyihalar, ssenariylar va seminarlar orqali isteʼdodlarni aniqlash va hind kinosining barcha tillarda rivojlanishiga hissa qoʻshish. Nafaqat Hindistonda, balki xorijda ham kino orqali hind madaniyatini targʻib qilishdan iborat.
NFDC bugunga qadar 300 dan ortiq filmlarni moliyalashtirdi va ishlab chiqardi. Turli hind tillaridagi ushbu filmlar koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan hamda koʻplab milliy va xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring