Oʻz kelajagini bilim bilan qurayotgan Ibrat izdoshlari
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat nomli ijod maktabining 7-sinfiga yangi oʻquv yili uchun 20 ta kvotaga 667 ta hujjat kelib tushdi. Bu har bir oʻringa 33 nafar talabgor toʻgʻri keladi. Ilm dargohining yuqori nufuzidan nishona. Bilimga chanqoq oʻgʻil-qizlarni bu ilm dargohi ohanrabodek oʻziga tortayotgan siri nimada? Ijod maktabida umumtaʼlim fanlari bilan birga ingliz, fransuz, nemis va koreys tillarining chuqur oʻqitilishi, havas qilarlik sharoitlar yaratilganligi hisobga olinsa, masala oydinlashadi. Eng avvalo, oʻquvchilar xorijiy tillarni oʻrganishda standart texnik jihozlardan tashqari, nazariy bilimlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan maxsus sinf xonalaridan foydalanadi. Ular Smart TV, elektron doska, lingafon, kompyuter va boshqa zamonaviy vositalar bilan jihozlangan. Oʻqituvchilar alohida talablar asosida ishga qabul qilingan boʻlib, umumtaʼlim fanlariga kamida 2-toifa, chet tillariga kamida 1-toifali, xorijiy til bilish S1 sertifikatiga ega mutaxassislar tanlangan. Oʻquvchilarni qabul qilishning ham oʻziga xos talablari bor. Ular ijodiy matn yaratish, tanlagan til boʻyicha yuzma-yuz suhbat, test sinovlari asosida bosqichli imtihon topshiradi.
Ixtisoslashtirilgan maktabda mashgʻulotlar xalqaro taʼlim standartlari va talablari, ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari, Cambridge darsliklari, badiiy adabiyotlar asosida tashkil etiladi. Har bir oʻquvchiga ikkinchi xorijiy til ham oʻqitiladi.
Iqtidorli yoshlardan biri Dinarabonu Bahodirova 2023-yilning oktyabr oyida Koreya Respublikasi Taʼlim vazirligi va Xalqaro koreys tili taʼlim jamgʻarmasi tomonidan xorijda koreys tili darslarini oʻtayotgan oʻrta va yuqori sinf oʻquvchilari uchun oʻtkazilgan tanlovda faxrli oʻrinni egalladi. 9-sinf oʻquvchilari Samandar Noʻmonov va Odina Rustamjonova joriy yil mart oyida Germaniyadagi Goethe instituti tashabbusi bilan “Schulen: Partner der Zukunft” (PASCH) tomonidan oʻtkazilgan tanlovda gʻolib boʻlib, Germaniyaga sayohat uchun yozgi yoshlar oromgohi grantini qoʻlga kiritdi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Ixtisoslashtirilgan maktabdagi taʼlimning oʻziga xos jihatlaridan biri, unga qabul qilinayotgan oʻquvchilar badiiy ijodning biror turiga moyilligi, boshlangʻich mahoratini sayqallashtirish yoʻlida namoyon boʻladi. Bu oʻgʻil-qizlarning nazm va nasrda bemalol qalam tebratib, bir qator iqtidor egalari ilk kitoblarini nashrdan chiqarishga muvaffaq boʻlganida yaqqol koʻrinadi. Masalan, Durdona Bekmirzayeva “Haqiqatga aylangan ertak“, Dilshoda Hakimova ”Yorugʻ yoʻl“, Muslima Ergashaliyeva “Toʻlib borar orzum”, “Bahor tabassumi”, “Pop gʻunchalari”, Manzura Abdullayeva “Xonzodabegim” deb nomlangan kitoblarini adabiyot ixlosmandlariga taqdim etdi.
Maʼlumki, har bir taʼlim muassasasi faoliyatining pirovard natijasi bitiruvchilarining hayotdan munosib oʻrin topishi, xususan, oʻzi tanlagan yoʻnalish boʻyicha oliy oʻquv yurtlariga kirish darajasi bilan oʻlchanadi.
— 2020-2023 oʻquv yillarida bitiruvchilarimizning 100 foizi xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritish bilan bir qatorda muddatidan oldin nufuzli oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi, — deydi ijod maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Akmaljon Moʻminov. — Ulardan 7 nafari “El-yurt umidi“ jamgʻarmasi stipendiyasi sohibi boʻlib, bugungi kunda 6 nafari AQSHda, bir nafari Germaniyada tahsil olmoqda. 14 nafar bitiruvchimiz toʻliq grant asosida Turkiya, Germaniya, BAA va Polsha davlatlaridagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqimoqda. Joriy yilda maktabimizni tamomlagan 17 nafar oʻgʻil-qizning barchasi oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilindi.
Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan Isʼhoqxon Ibrat nomli ijod maktabi 2017-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan, birinchi oʻquv yilida 7-11-sinflarga 100 nafar oʻquvchi qabul qilingan. Bugungi kunda mazkur taʼlim maskanidagi 8 ta sinfda 160 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya oladi. Ular oʻz davrining ilgʻor fikrli insonlari hisoblangan jadidlardan biri — buyuk maʼrifatparvar, matbaachi va tarjimon Isʼhoqxon Ibrat bobomiz singari chet tillarni mukammal egallashni, kelgusida mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyishni maqsad qilgan yoshlar, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring