Orzularidan voz kechmagan afgʻon qizlari

12:18 16 Aprel 2025 Jamiyat
80 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Afgʻonistonlik Palvosha Doʻstmuhammad va Farimo Murodiy oʻz yurtida ushalmagan orzulariga Termiz shahrida erishmoqda. Ikki dugonaning qalbida tikuvchilikka boʻlgan ishtiyoq bolaligidan boshlab joʻsh urgan. Ular afgʻon milliy liboslarini tikib, oʻz brendini yaratishni orzu qilishadi.

— Ota-onam chevar boʻlib, erkaklar va ayollar liboslarini tikishardi, — deydi Palvosha Doʻstmuhammad. — Bolaligimdan qoʻl mehnatiga mehrim tushdi. Oʻn ikki yoshimdan bichish-tikishni boshlaganman. Dugonam Farimo bilan Termiz shahriga koʻchib oʻtib, tikuvxona ochdik. Bu yerda afgʻon milliy liboslarini tikyapmiz. Afgʻonistonda istiqomat qiladigan turli millat vakillariga xos naqsh va bezaklarni zamonaviy bichimlar bilan uygʻunlashtirishga intilyapmiz. Dastlabki orzularimiz ushaldi. Kelajakda kichik korxona ochib, oʻz brendimizni yaratmoqchimiz.

Chevarlar qoʻl mehnatida tayyorlayotgan “chapan”, ayniqsa, kelinlarning xina qoʻyish marosimida kiyiladigan “gand afgʻoniy” deb nomlanuvchi hashamdor milliy liboslarini koʻrib, ularning mahoratiga qoyil qolasiz.

Chindan ham “gand afgʻoniy” maftunkor libos, taqinchoqlar, qoʻlda tikilgan naqshlar uni jozibali qilib koʻrsatadi. Palvoshaning hikoya qilishicha, ushbu koʻylak faqat xina qoʻyish marosimida emas, balki kelin chaqirdi, kelin salom kabi marosimlarda ham kiyilar ekan.

— Tikuvxonamiz faqatgina chevarlik biznesi emas, balki oʻz madaniyatimiz va anʼanalarimizni saqlab qolishga boʻlgan saʼy-harakatimizdir, — deydi Farimo Murodiy. — Afgʻon milliy liboslarini saqlab qolishga boʻlayotgan intilishimiz ortida ularni dunyoga tanitishni maqsad ham qilganmiz. Insonning imkoniyati keng. Nimagaki orzu qilib, uning roʻyobi yoʻlida intilsa, albatta, maqsadiga erishadi. Ham oʻqib, ham ishlab, yangiliklarga intilib yashashdan charchamayman, aksincha, ilhomlanaman. Oʻzbekiston shunday jannatgoʻsha makonki, bu yerda nafaqat mahalliy yoshlar, balki biz kabi xorijlik yoshlarning ham orzu-intilishi ijobat boʻladi, qoʻllab-quvvatlanadi.

Palvosha va Farimoning tikuvxonasi afgʻon madaniyatining boyligi va goʻzalligini namoyish etish bilan birga, ularning intilishi va maqsadi bizga vatanparvarlik va inson ruhining kuchini eslatib turadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер