Orzu chizgilaring haqiqiy hayotda ijobat boʻlsin, matonatli Karomat!

13:19 23 Fevral 2021 Jamiyat
342 0

Xovos tumanining “Farhod” mahallasida yashovchi 11-sinf oʻquvchisi Karomat Ahmadqulova rasm chizishni yaxshi koʻradi. Uning xonadon galereyasida orzular, tabiat, Vatan, bolalik va boshqa koʻplab mavzular aks ettirilgan suratlari bor. Chizganlari koʻrgazmalarda namoyish etilib, muallifga munosib eʼtiroflar keltirgan. Ammo tomoshabinni lol qoldirgan moʻjizaning yana boshqa jihati bor. Suratlar qoʻlda emas, oyoqda chizilgan?!

...Ha, shunday, Karomatning qoʻllari yoʻq, irodasi va matonatini qarangki, qizimiz oyoqlarini qoʻlga aylantira olgan.

Kuni kecha yosh rassom qiz huzuriga Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi aʼzosi, akademiyaning Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari, taniqli musavvir Anorqul Boybekov sovgʻa-salomlar koʻtarib keldi. “Meni shogirdlikka qabul qilasizmi?” degan savoliga rassom «Albatta, aslida shuning uchun keldim-da» degan javobidan Karomatning boshi osmonga yetdi. Ustoz shogirdiga “Mahorat darsi” ham oʻtib berdi. Mashgʻulot birgalikda surat chizish tarzida boʻldi. Moʻyqalamni qoʻlda tutgan Anorqul Boybekov aytgan koʻrsatmalarini Karomat oyoqlari vositasida chaqqonlik bilan bekamu koʻst bajarayotganidan lol qoldi. Suratni esa “Bahor” deb nomlashdi. Chetiga ustoz va shogirdning mualliflik imzolari qoʻyildi,Ushbu asar Karomat Ahmadqulovaning shaxsiy galereyasidan joy oldi.

— Chekka qishloqda yashayman, — deydi Karomat Ahmadqulova. — Bundan bir necha kunlar oldin viloyatimiz toʻrtinchi sektori rahbari ham uyimizga kelib, xolimdan xabar olib va ijodiy mashqlarim bilan tanishib ketgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, mana isteʼdodli rassom ham xonadonimizga kirib keldi.Bundan juda xursand boʻldim.

Karomat bitiruvchi sinf oʻquvchisi. Orzusi oliy oʻquv yurti talabasi boʻlish. Shubhasiz, uning qogʻozlarga muhrlayotgan orzu chizgilari tez orada haqiqiy hayotda oʻz aksini topadi.

Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?