“Oʻrik gullaganda” festivali tabiat qoʻynidagi maroqli sayr sifatida nishonlandi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Oltiariq tumanidan soʻng Rishton va Oʻzbekiston tumanida ham “Oʻrik gullaganda” deb nomlangan yoshlar ijodiyoti festivali boʻlib oʻtdi.
Rishton tumani “Qalaynav” mahallasidagi bogʻlarda oʻtkazilgan tadbirda viloyatning shahar-tumanlaridan tashqari, Hindiston, Pokiston va Erondan kelgan sayyohlar ham ishtirok etdi. Festival doirasida milliy oʻyinlar, folklor jamoalari chiqishlari, sanʼatkor va hunarmandlar asarlari namoyish qilindi. Sport musobaqalari, kitoblar koʻrgazmasi hamda modalar namoyishi uyushtirildi. Sanʼatkorlarning chiqishlari barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.
Oʻzbekiston tumanidagi Oʻqchi qishlogʻi ham mevazor bogʻlari bilan mashhur. Oppoq gulga burkangan ana shu bogʻlarda ikkinchi bor oʻtkazilayotgan “Oʻrik gullaganda” festivali umumxalq sayli sifatida nishonlandi. Qiygʻos gullagan oʻrik daraxtlari ostida milliy oʻyinlar, oʻzbekona urf-odat va qadriyatlar namoyishi, ijodkorlar chiqishlari koʻngillarga koʻklam tarovatini olib kirdi. Varraklar uchirish, rassom va hunarmandlar asarlari, doshqozondagi sumalak, bahoriy taomlar kattayu kichikka juda manzur boʻldi.
— Aslida bahor bayramlar fasli, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzod Polvonov. — Tabiat qoʻynida oʻtkaziladigan bunday sayillar esa ekologik tarbiya, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, ijodkorlar uchun ilhom manbai boʻlib qolishi bilan ham ahamiyatlidir.
Ezgu tashabbusga koʻra, yaqin istiqbolda viloyatimizning barcha hududlarida har yilning koʻklamida ushbu festivalni anʼanaviy ravishda oʻtkazish maqsad qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring