Oʻqituvchi ham oʻquvchisidek oʻqishi kerak

14:24 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
310 0

Bugungi kunda bilimlar miqyosi kengaymoqda, taʼlim texnologiyalari ham tez oʻzgarmoqda. Ushbu jarayonga mos ravishda oʻqituvchining doimiy kasbiy rivojlanishi, muntazam oʻqib-oʻrganib borishi taʼlim samaradorligining yuqori boʻlishida muhim omil hisoblanadi. Demak, zamonaviy oʻqituvchi doimo oʻqib oʻrganishi, tahlil qilish, oʻz ustida ishlashni toʻxtatmasligi kerak. Qolaversa, oʻqituvchining shaxsiy intellektual faolligi oʻquvchining bilim olishga qiziqishining ortishi, dunyoqarashi rivoji uchun bosh manba hamda ibrat boʻlib xizmat qiladi.

Xoʻsh, pedagog mutaxassislarimiz bugungi kunda oʻz zimmalaridagi mazkur talab va masʼuliyatga yarasha oʻqib-oʻrganyaptimi?

Yaqinda Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazida mazkur muassasaning professor-oʻqituvchilari ishtirokida ushbu dolzarb masalani amaliy-tahliliy oʻrganish maqsadida ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari oʻrtasida soʻrovnoma tashkil etildi. Ushbu soʻrovnoma orqali muallimlarning darslikda keltirilgan badiiy asarlar parchalarining toʻliq nashrini oʻqiganlik darajasi oʻrganildi. Unga adabiyot darsliklaridagi badiiy asarlar parchalari boʻyicha savollar joylandi. Afsuski, mazkur soʻrovnomaga berilgan javoblar natijasi quvonarli boʻlmadi.

Unda qatnashgan 24 nafar ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilaridan bor-yoʻgʻi 1 nafari “Alpomish” dostonini toʻliq, 7 nafari qisman oʻqiganligini bildirdi. Qolganlari esa hali darslikdagi parchani ham oʻqimagan. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini 5 nafar muallim toʻliq, 1 nafari qisman oʻqigani maʼlum boʻldi. Oybekning “Navoiy” romanini soʻrovnomada qatnashgan 24 nafar oʻqituvchidan 3 nafari toʻliq, 11 nafari qisman, Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romanini 3 nafari toʻliq, 11 nafari qisman, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” asarini 5 nafari toʻliq, 10 nafari qisman, Uilyam Shekspirning “Hamlet” asarini 2 nafari toʻliq, 14 nafari qisman, Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanini 6 nafari toʻliq, 11 nafari qisman oʻqigani ayon boʻldi.

Soʻrovnoma koʻrsatdiki, unda qatnashgan oʻqituvchilarining katta qismi darslikdagi badiiy asarlarni toʻliq oʻqimagan. Vaholanki, ularning bari bevosita mutolaa boʻyicha hammadan oldinda boʻlishi kerak boʻlgan adabiyot muallimlaridir. Yaʼni aslida ona tili va adabiyot oʻqituvchisi boshqa fanlar oʻqituvchilariga bu borada ibrat boʻlishi lozim. Qolaversa, toʻliq nashrni oʻqimay, faqat darslikdagi parchalar bilan cheklangan pedagogda har qanday asarning gʻoyasi, muallif uslubi hamda boshqa jihatlarini oʻquvchilarga chuqur tahlil qilib berish imkoni boʻlmaydi. Kezi kelsa oʻquvchining biror asar parchasini darslikdan oʻqib paydo boʻlgan savoliga javob berolmaydi ham. Bu esa oʻqituvchi uchun eng noqulay holatdir. Zero, oʻquvchi oʻqituvchim barcha savollarimga javob beroladi, degan tasavvurda boʻladi. Aslida ham shunday boʻlishi zarur, albatta.

Eng muhimi, oʻquvchida kitob oʻqishga qiziqish uygʻotish uchun oʻqituvchi oʻzi namuna boʻlishi lozim. Agar oʻqituvchi asarni toʻliq oʻqimasa, u darsda badiiy matnning ruhini, estetik qiymatini, qahramonlar dunyoqarashini toʻgʻri yetkaza olmaydi. Takror boʻlsa-da, taʼkidlash lozimki, pedagogik bilim, oʻqitish uslubiyatlari, test va baholash tizimlari doimiy ravishda yangilanyapti. Oʻqituvchilar yangi metodlar, texnologiyalar, ichki va tashqi baholash standartlarini oʻz vaqtida mukammal oʻzlashtirmasa, dars jarayoni va oʻquvchilarning bilim olish natijalari sust kechadi. Ilmiy-tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, tizimli kasbiy rivojlanish oʻqituvchilarning oʻqitish samaradorligini oshiradi, oʻquvchilarning oʻrganish natijalarini yaxshilaydi. Aksincha, agar oʻqituvchilar uzluksiz rivojlanmasa darslarda eski, qoliplangan usullar qoʻllaniladi, natijada bu taʼlim samaradorligi va sifatini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Pedagog kadrlarimizning kasbiy rivojlanishi, bilimini oshirishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud, – deydi Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazi direktori. Gulasal Berdialiyeva. – Jumladan, bizning markazimizga malaka oshirishga kelgan oʻqituvchilarga ilgʻor taʼlim texnologiyalari oʻrgatilishi bilan birga “Oʻqituvchi ham oʻquvchisidek oʻqishi kerak” degan tamoyil asosida zarur tavsiyalar berib borilmoqda, mahorat darslari oʻtilmoqda. Bu muallimlarda kasbiy mahoratni faqat malaka oshirish kurslari orqali emas, mustaqil va muntazam oshirib borish masʼuliyatini oshiradi. Zero, har bir pedagogning oʻz ustida doimiy ishlashi, kasbiy mahoratini oshirib borishga intilishi, bunda oʻqib-oʻrganishni kundalik mashgʻulotiga aylantirishi taʼlim sifati hamda samaradorligi yuqori boʻlishining bosh omillaridan biridir.

Ahmadali ShERNAZAROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?