“Oqila ayollar” — ularning oila va jamiyatdagi oʻrni

20:23 21 Dekabr 2022 Jamiyat
2404 0

Foto: Халқ сўзи

Oila – jamiyatning muhim va bosh boʻgʻini. Vatan ostonadan, oiladan boshlanadi, degan ibratli soʻzlar zamirida yurt ravnaqi bevosita oilalar tinchligi va mustahkamligiga bogʻliq boʻlishi nazarda tutiladi. Yosh avlod oilada shakllanadi, voyaga yetadi, barkamol avlodni komil inson etib tarbiyalash koʻproq ayollar zimmasidagi vazifa hisoblanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatda tutgan oʻrni, maʼnaviy yetuk boʻlishlari, bilim olishlariyu kasb-hunar egallashlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ularning faolligini qoʻllab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirishda yoshlarga tarbiyaviy taʼsir oʻtkaza oladigan obroʻ-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan, faol, tashabbuskor ayollarning saʼy-harakatlarini birlashtirish ularga shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Oqila ayollar” harakati tuzildi. Bu harakatdan koʻzda tutilgan maqsad – jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borishdan iborat boʻldi. “Oqila ayollar” birlashib, yoshlar, ayniqsa boʻlajak oila bekalari qizlarni ezgu gʻoya va milliy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarimiz amal qilgan holda tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Toshkent shahrida 40 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat “Oqila ayollar” harakati tashkil etiladi. Toshkent shahrining barcha tumanlarida 30 nafardan, barcha mahallalarida 15 nafardan iborat “Oqila ayollar” harakati aʼzolari tuzilib, belgilangan vazifalar doirasida samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar asri boʻlgan bugungi kunda yuqoridagi omillar yoshlarni oilaga tayyorlash, boʻlajak onalarning farzand tarbiyasidagi oʻrni va majburiyatlarini qizlarga tanishtirib borishga mahkam bel bogʻladi.

Mahallarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota va onaning masʼuliyati, ibratli ota va ona boʻlishning ahamiyati, jamiyatning kishilarning maʼrifatli boʻlishida onalarning rolini oshirish kabi maqsadlar ham ustuvor sanaladi. Tinch va totuv oilada voyaga yetgan farzand –eng baxtli farzanddir, ammo hayotda toʻqnash keladigan, arzimas bir qiyinchiliklarni bahona qilib oʻgʻil-qizlarini ota yoki ona mehridan ayirayotgan kishilar oilaning qadr-qimmatini u qadar chuqur tushunib yetmaydilar. Oila qurish ostonasida turgan yoshlarga erkak va ayolning kattalar, qarindoshlar va bolalar oldidagi burchlarini urf-odatlarimizga mos ravishda tushuntirish piru badavlat keksalarning nasihatlariga yoʻgʻrilsa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi. Bu esa oʻz navbatida oilalardagi ajrim sonlarini kamaytirishiga olib keladi.

Ayollar va yosh qizlarda oilaga, Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik, tuygʻularini singdirish, “odobli qiz qanday boʻlishi kerak?”, “maʼrifatli ayolning fazilatlari”, “maʼrifatli ona timsoli”ni shakllantirishning chora-tadbirlarini amalga oshirish kabi vazifalar ham oʻrganilmoqda. Bugungi yoshlar turli axborot xurujlaridan himoyalanishi zarur. Odobi, tarbiyasi chiroyli qizlar yillar oʻtib, oʻzida bor fazilatlarni farzandlariga beradi. Odobli qiz, maʼrifatli ayol va maʼrifatli ona tushunchalari bir-biriga chambarchas, uzviy bogʻliqdir. Oilada farzandlar, ayniqsa, qiz bolalarning tarbiyasi, oila va onalar maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobga boʻlgan muhabbat va mutolaa madaniyatini targʻib etish, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy –taʼlim salohiyatini mustahkamlashga koʻmaklashish “Oqila ayollar” harakati zimmasidagi vazifa etib belgilandi. Oilalarda kitobxon avlodni voyaga yetkazish uchun avvalo, ayollar kitobxon boʻlishi kerak. Atrof-muhitning farzand ruhiyatiga taʼsiri nihoyatda kattaligi barchaga yaxshi maʼlum. Ona qoʻliga kitob olsa, farzandlari ham beixtiyor uning harakatlarini takrorlaydi, unda kitobni tanlab oʻqish, oʻqiganlarini oila davrasida muhokama qilish koʻnikmalari shakllanadi. Ona bolalariga shirin soʻz boʻlsa, opa-singil, aka-uka oʻrtasidagi muomala madaniyati ham shu tartibda olib boriladi. Turmush psixologiyasi erkak va ayolning oʻzaro muomalasi va munosabatlaridan andoza oladi. Yoshlar oʻrtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, turmush psixologiyasi, oila iqtisodi, salomatlik asoslari, maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʻlish masalalarini hamda “Oila – muqaddas” tushunchasini keng targʻib qilish, xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qonun hujjatlarini xalqchil tilda tushuntirish – yana bir ustuvor vazifa etib belgilandi. Keyingi yillarda huquqiy masalalar tez-tez tilga olinayotganiga sabab koʻpchilik ayollar oʻz huquq va burchini afsuski toʻliq bilmaydilar. Qonunlardan oqilona foydalana olmaganlaridan turli qiyinchilik va muammolarga duch keladilar va bunday vaziyatlardan kimdan yordam olishni bilmaydilar. Har bir islohot inson manfaatlari uchun xizmat qiladigan bir vaqtda ayollarning huquqiy savodxonligi ham toʻliq boʻlishi zarur. Bugun uyda oʻtirib, oʻz biznesi, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan ayollar koʻpchilikni tashkil qiladi. Bu natijalar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Bankdan kredit ol, tadbirkorlik va soliq hujjatlarini toʻgʻri tartibga solish uchun ham huquqiy savodxonlik kerak. Bu esa ayoldan tinmay oʻqish, izlanish, davr bilan hamnafas boʻlishni talab etadi.

Xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʻyicha chet el tajribasini oʻrganish, amaldagi xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlari masalalarini milliy qonunchilikda tahlil qilish, joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy faollikning asosiy yoʻnalishlarini (ilmiy-nazariy bilim, malaka, koʻnikmalar, tajriba oshirish, gʻoyaviy-siyosiy yetuklik, maʼnaviyatni yuksaltirish, maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar boʻyicha savodxonlik, tadbirkorlik koʻnikmalari, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorgarligi, yoshlarning zamonaviy xohish va istaklari) soʻrovlar (kontakt-intervyu, fokus-gruppa tadqiqoti, telefon soʻrovi) orqali oʻrganish masalalari koʻzda tutiladi.

Bugun zamonaviy ayol iborasi tez-tez quloqqa chalinayozyapti. Xoʻsh, zamonaviy ayol, deganda yoshlar qaysi fazilatlari bor xotin-qizlarni koʻz oldimizda qiyofalantiramiz. Zamonaviy ayol oiladagi va jamiyatdagi vazifalariga birdek masʼuliyat bilan qaraydi. Mehribon ayol, ona va oqila rahbar xodim vazifasini aʼlo darajada bajara oladi. Ish bilan birga ayollarga xos pazandalik, sarishtalik, chevarlik, qarindosh-urugʻlar bilan munosabatni ham toʻgʻri yoʻlga qoʻya oladi. Ayol uchun oila muqaddas ekanligini har doim va har on yodida saqlaydi. Shu fazilatlari bilan atrofidagilarga oʻrnak boʻla oladi. Zamonaviy ayol iqtisodni ham siyosatni ham yaxshi tushunadi, jarayonlarni toʻgʻri tahlil qilib, xulosa chiqara oladi.

Qonunchilikda “Oqila ayollar” harakati toʻgʻrisidagi qarorda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish holatini tizimli monitoring qilib borish uchun xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini holatining oʻzgarishini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar bazasi murakkab tamoyillarga asoslangan, deyarli barcha jihatlarni qamrab oladigan, ilmiy asoslangan indikatorlar ishlab chiqish, xotin-qizlarining mehnat faoliyatini toʻgʻri tashkil etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarni yaxshilash, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish, malaka oshirishlarini taʼminlash orqali ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishdagi amaldagi holatlarni oʻrganish va takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish vazifalari yuklatildi. Bundan maqsad, ayollarning jamiyatdagi tutgan oʻrni va mavqeyini oshirish. Gendir tengligi, ijtimoiy huquqlari tengligini haqida tushunchalar berish. Kuzatuvlar natijasi shuni koʻrsatadi-ki, oiladagi kelishmovchiliklarning aksari ishsizlik, moddiy taʼminot bilan bogʻliq boʻladi. Qoʻlida kasbi yoki hunari bor ayol oʻz moddiy ehtiyojlarini mustaqil qondira oladi. Moddiy taʼminot musulmon oilalaridan asosan erkak kishining zimmasidagi vazifa sanaladi. Ammo ayol ham ishlasa, avvalo jamiyatda oʻz oʻrnini topadi. Vaqtini oʻzi sevgan kasbga baxshida etish bilan birga moddiy daromad topganidan ikki hissa quvonadi. Oʻz ustida ishlaydi, oʻziga qaraydi, turmushning mayda ikir-chikirlariga oʻralashib qolmaydi.

Bugungi kunda ayollar duch kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oʻrganishda mahallalarda ayollar va xotin-qizlar maslahatchilari ish olib bormoqda. “Mahalla ham kichik bir Vatan” yuqoridagi qarorlarni amaliyotga tatbiq etishda mahallaning koʻmagidan keng foydalanish koʻzda tutiladi. Bir farzandga yetti qoʻshni ota, ona, degan naqlga amal qilgan holda mahallalar bilan birga hamkorlikda farzandlar, ayniqsa, qizlar tarbiyasiga eʼtiborli boʻlish, xonadon va uning atrofini pokiza va saranjom boʻlishini taʼminlash, har qanday boʻladigan yigʻin, toʻy-hashamlarni mahalla faollari “Oqila ayollar” bilan maslahatlashgan holda oʻtkazish, mahalladagi ayollarimizni hunarli, ilmli boʻlishlariga eʼtibor berish, oilada har qanday nizoli vaziyatlarda mahalla faollari, “Oqila ayollar” bilan bamaslahat, tinch yoʻl bilan nizolarni hal etish, yosh kelinlarimizni yangi oilaga oʻrganib ketishlarida hamda mustahkam oila qurishlarida doim “Oqila ayollar” maslahatlariga rioya qilish, qizlarimizni pazanda, uy-roʻzgʻor tutishga oʻrgatish, hunarli boʻlishlari, ilm egalari boʻlishlariga alohida eʼtibor berish, oila sirlarini egallashlariga sharoit yaratish, mahalla xotin-qizlarini tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari, ishsiz boshqa ayollarni ham oʻzlari singari tadbirkor boʻlishlariga hissa qoʻshish, mahalladagi barcha xotin-qizlar, keksa onaxonlarni oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtishlari va sogʻlom turmush tarziga rioya qilgan holda jismonan sogʻlom boʻlishlariga erishish lozimligi taʼkidlab oʻtiladi. Shuningdek, qizlarimizni erta turmush qurishlariga yoʻl qoʻymaslik, turmushga uzatilgan qizlarimizni hayotlariga aralashmaslik, telefon orqali turli gaplarga quloq solmaslik, qudalar bilan totuvlikda yoshlarni yoʻlga solish, barcha mahalladagi qizlarimizni maʼnaviy, jismoniy sogʻlom qilib voyaga yetkazish, gul kabi asrash, ilmli boʻlishlariga imkon yaratish, noqonuniy nikohlarga yoʻl qoʻymaslikni ham mahalla tomonidan tartibga olinadi.

Mahallada oʻzaro hurmatda va namunali oila boʻlib hayot kechirish, koʻchamiz ozodaligi, saranjom-sarishtaligi, rayhon, gullarga burkangan xonadonlar soni koʻp boʻlishiga hissa qoʻshish, koʻchamizdagi barcha xotin-qizlarimizni, yosh kelinlarimizni, qizlarimizni xonadon madaniyatiga ega va yuksak maʼnaviyatli qilib tarbiyalash, qizlarimizni erta turmushga bermaslik, erta tugʻruqni oldini olish, farzandlar orasida 3 yildan kam boʻlmagan muddatga rioya qilish, qizlarimizni koʻp kitob mutolaa qiladigan, hunarli, ilmli va jismonan sogʻlom qilib voyaga yetkazish, farzandlarimiz ayniqsa, yosh qizlarimiz koʻp muloqotda boʻladigan dugonalariga eʼtibor berish, ular bilan yaqindan tanishish, koʻchada yuz bergan har qanday holatlardan mahalla raisiga, xotin-qizlar faoliga oʻz vaqtida xabar berish, yangi farzand kutayotgan va farzandli boʻlgan kelinlarimizni oʻz vaqtida tuman tibbiyot birlashmasiga borishlariga, doimiy nazoratda boʻlishlariga eʼtibor berish, kiyinish madaniyatiga va muomala madaniyatiga rioya qilish kabi vazifalar mahalla zimmasiga yuklatildi. Yuqoridagi ishlarni faqatgina mahalla emas, ular bilan birga ibratli xonadonlarda yashovchi, barchaga namuna qilib koʻrsata oladigan onaxon, nuroniy keksalarimiz koʻmagida amalga oshirilsa oʻz samarasini yanada tezroq koʻrsatadi. Chunki buvi, buvasi bor xonadonda tarbiya topgan bolalar ham shu muhit va sharoitga mos tarbiyani oladi. Mehmon koʻp keladigan piru badavlat xonadonda oʻsgan yigit-qizlar qarindoshlari, jonu jigarlariga nisbatan mehribon boʻladi. Oʻzbekona urf-odatlarni farzandlariga singdiradi. Rivoyatlarda keltirilishicha qadimda ota onasi oʻtirgan uyning tomiga chiqib oʻtin olib tushishga botina olmagan farzandlar tarbiyasini bugungi kun bolalari ongiga albatta singdirish lozim. Avvalo oilada bobolarni, otalarni hurmatini joyiga qoʻyishni yoshlarga oʻrgatish zarur. Erkaklar oilaning ustuni, himoyachisi, qoʻrgʻoni. Ayol kishi erkak kishining hurmatini oʻrniga qoʻysa, shu xonadonda tarbiyaga koʻrgan qizlar avvalo otasining, keyinchalik kelin boʻlib borgan uydagi erkak kishilarning hurmatini oʻz oʻrniga qoʻyishni oʻrganadi. Bugungi kunda pul topib, turmush oʻrtogʻining hurmatini oʻrniga qoʻyishni unutgan ayollar ham yoʻq emas. Ular topgan davlati – oilaga tinchlik, halovat, farzandlariga mukammal tarbiyani bera olmasligi tushunishlari zarur. Ibratli bola, ibratli oilada voyaga yetadi. Moddiy tomondan toʻkislik maʼnaviy komillikni taʼminlay olmaydi.

Oilada sogʻlom maʼnaviy muhit, oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, jamiyatda ham shu munosabatlar oʻzaro hurmat asosida shakllanadi. Oilalarning mustahkam boʻlishi uchun avvalo qizlarni oilaga tayyorlash kerak. Qush uyasida koʻrganini qiladi, degan naql bor, ona qizlarga ayolning farzandlari va turmush oʻrtogʻi oldidagi burchlarini oʻrgatib borishi zarur. Sogʻlom oilada voyaga yetgan qizlar farzandlariga ham chiroyli tarbiya bera oladi. Xushxulq farzandlar kamol topgan jamiyatda kishilar oʻrtasidagi munosabatlar ham chiroyli boʻladi. Jamiyatda komil shaxs tarbiyasi eng murakkab va masʼuliyatli vazifadir. Bu jarayonda turmush madaniyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishni qizlar oila muqaddasligini yoshligidan singdirib borish kerak. Oʻzbek oilalarida farzand tarbiyasi bilan asosan onalar, buvi va bobolar shugʻullanadi. Ibratli oila ibratli jamiyatni barpo etadi. Ibratli oila mexanizmini shakllantirish oqila va oʻqimishli, tadbirli ayollarimiz qoʻlidadir. Ibratli ona, ibratli farzandni tarbiyalaydi. Uni jamiyat va xalq uchun naf keltiradigan shaxs sifatida voyaga yetkazadi. Turli zararli illatlardan asrashni biladi. Tarbiya bu bir, ikki yilda amalga oshadigan jarayon emasligini yaxshi tushungan holda, har taraflama farzandlariga oʻrnak boʻlishga intiladi. Ibratli ayoldan ibratli oila, ibratli oiladan, ibratli jamiyat barpo boʻladi.

Keyingi yillarda bot-bot tilga olayotganimiz gender tengligi, masalasida, ayollar erkaklardan qolishmaydigan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ilm-zakovati bilan dunyoning manaman degan kompaniyalarida ishlayotgan qizlarimiz ham kam emas. Oddiy bir misol oʻrta maktablarni aksarida qizlarning fanlarni oʻzlashtirish darajasi oʻgʻil bolalarning oʻzlashtirish darajasidan baland. Oliy oʻquv yurti talabalarini ellik foizdan ortigʻini qizlar tashkil qilayotgani ham quvonarli. Lekin baʼzi holatlardan qizlar turmushdan soʻng oliy maʼlumotli boʻlishlariga qaramay, uyda roʻzgʻor tashvishlari bilan oʻralashib qolmoqda. Albatta oʻqimishli ayolning yurtga keltiradigan eng katta nafi – oʻzi kabi ziyoli oʻgʻil-qizlarni tarbiyalashida. Lekin farzandlar oʻzini tutib olgan maʼlum bir vaqtdan soʻng ayollar ham ishini tiklashga, kasbi orqasidan moddiy daromad topish va jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlish huquqiga erkaklar bilan birdek haqli.

Tenglik – erkak va ayolning yashash huquqlari, konstitutsiyaviy huquqlari qonun oldida tengdir, degani. Oilada bu huquqlarni inkor etmagan holda ayol va erkak oʻrtasida oʻzaro munosabatlarda koʻproq oilani moddiy jihatdan taʼminlash, ijtimoiy masalalarga nisbatan javobgarlik masʼuliyati erkakning zimmasiga tushadi. Bilim olish, kasb tanlash, ish joyiga erkin kelib, ketish, oʻzi sevgan mashgʻulotini kasbiga aylantirish (chevarchilik, zardoʻzlik, kashtachilik, hunarmandchilik, bogʻdorchilik, gulchilik) kabi mashgʻulotlar bilan shugʻullanishiga sharoit yaratib berish ham erkaklarning zimmasidadir.

Oʻzbekning oqila ayoli oilada ham, jamiyatda ham oʻz burch va majburiyatlarini yaxshi biladi. Uyda oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni yoʻlga qoʻya oladi, oilasini ish va moddiy mablagʻ bilan taʼminlab, koʻplab muvaffaqiyatga erishib kelayotgan koʻplab tadbirkor ayollarimizni oʻrnak qilib gapirishimiz mumkin.

Ularning faoliyatini oʻrganib, yoshlarga hujjatli filmlar, kitoblar orqali oʻrnak qilib koʻrsatib bersak, yoshlar orasida oqila ayollar soni koʻpayib, ortib boraveradi.

Nafisa Abdullayeva,

pedagogika fanlari falsafa doktori(PhD), dotsent

Toshkent shahar “Oqila ayollar” harakati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер