Oltiariqda Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning sayyor majlisi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 1-may kuni Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Milliy va hududiy kengashlarning aʼzolari, senatorlar, Fargʻona viloyati xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, vazirlik hamda idoralar rahbarlari, faollar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan majlisda 2025-yilning birinchi choragida Senat tomonidan oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, Fargʻona viloyatida mingdan ortiq oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar, shu jumladan 7 ta qotillik, 352 ta oʻgʻirlik, 126 ta firibgarlik va 28 ta bezorilik holatlari qayd etilgani maʼlum qilindi. Bu koʻrsatkichlar jinoyatlarning profilaktikasida tizimli kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” faoliyatida masʼuliyat va samaradorlik yetishmayotgani, xavfli hududlar toʻliq qamrab olinmagani, ayrim mahallalarda “yoʻl xaritalari” faqat qogʻozda qolib ketayotgani tanqid qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy muhofaza, oilaviy zoʻravonlik holatlari va voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik darajasi xavotirli ekani qayd etildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini belgilash, ijro intizomini oshirish va tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar koʻrish tavsiya etildi. Ayniqsa, ishonch bildirilgan rahbarlar xulosa qilishi kerak – hozirgi sharoitda masʼuliyatsizlik, real muammolarga koʻz yumish, quruq raqamlar ortidan quvish, koʻzboʻyamachilik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi.
Afsuski, oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillar hududiy idora va tashkilotlar rahbarlari orasida ham bu kabi holatlar uchrayotganini koʻrsatdi.
Shu boisdan majlisdagi muhokamadan kelib chiqib, viloyat ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, kambagʻallikni qisqartirish, qurilish, kadastr, bank sohalaridagi rahbarlarga, ayrim hokimlarga (jami 19 ta) nisbatan intizomiy choralardan tortib to lavozimdan ozod qilishgacha boʻlgan qatʼiy choralar koʻrish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, profilaktika va mahalladagi ishlarni takomillashtirish, jumladan yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolar bilan ishlash boʻyicha yangi aniq reja va yondashuvlar ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.
Muhokama yakuni boʻyicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring