Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion soʻmlik mahsulot xarid qilmoqda

17:02 15 Oktyabr 2024 Siyosat
328 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻtgan yil Angrenda 110 ming tonna quvvatli kaolin zavodi ishga tushgani uchun keramika, chinni, sanfayans chiqarish ham rivojlanyapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan oʻtayotgan yigʻilishda aytib oʻtildi.

“Sanoat uchburchagi”ga kiruvchi tumanlarda keramogranit, keramik plita va chinni idish chiqarish boʻyicha yana 120 million dollarlik 7 ta loyihani joylashtirish mumkin.

Piskent tumanida mahallalardagi 500 ta xonadonda chinniga badiiy bezak berishni yoʻlga qoʻyish mumkin boʻlsa, Angren shahrida karton zavodi quvvatini 1,5 karra oshirib, keramika buyumlari uchun qadoq yetkazib berishni tashkil qilsa boʻladi.

Piskentdan oʻtadigan A-373 yoʻli boʻyidagi 488 gektarda Yangi Piskent sanoat shahri qurilmoqda. Bu yerda ikki yilda 44 ta loyihani ishga tushirish mumkin.

40 million dollar hisobiga rudadagi metallarni bir-biridan ajratish uchun zarur boʻlgan ksantogenat ishlab chiqarishni 2 karra oshirish orqali Olmaliq kombinatining bunday mahsulotga ehtiyoji toʻliq qoplanadi, 20 million dollarlik eksport boʻladi.

Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion soʻmlik mahsulot xarid qilmoqda. Bu – kombinat atrofida joylashgan 5 ta shahar va tuman uchun katta imkoniyat.

Shu munosabat bilan “Sanoat uchburchagi”ga kiruvchi tuman va shaharlarda kamida 5 tadan korxonani jalb qilib, keyingi yil kombinat importini 25 million dollarga kamaytirish imkoniyati koʻrsatib oʻtildi.

Umuman, “Sanoat uchburchagi” hududida 1 ming 100 ta korxona ishlayapti. Yangi loyihalar hisobiga 2-3-yilda ular 1,5 mingga yetadi.

Mutasaddilarga keyingi yil bu korxonalar uchun Angren, Olmaliq shaharlari va Ohangaron tumanida 50 million dollarlik 3 ta yirik logistika markazini tashkil qilish topshirildi.

Viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida bir yilda 1,3 milliard dollarlik 230 ta loyihani ishga tushirish, buni hisobiga 13 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratib, ularga kambagʻal oilalardan kamida 5 ming kishini ishga joylashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Kecha Zangiota tumanida Singapur bilan hamkorlikda tashkil qilingan ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “TRT” korxonaci faoliyati bilan tanishildi.

Korxonada yengil va yuk tashuvchi avtomobillarni yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 1 mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Korxonani oʻzida texnik tekshiruv va sinovlarni oʻtkazish uchun laboratoriya ham tashkil qilingan, xalqaro sifat menejmenti sertifikati ham mavjud.

Bunday korxonalarni “Oʻzavtosanoat”, Navoiy va Olmaliq kombinatlari bilan kooperatsiyasini kuchaytirib, importni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlash kerakligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер