OKMK yangi yutuqlar sari intilmoqda
Avval xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni mamlakat metallurgiya korxonalarini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda ta’kidlanganidek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati, “Navoiyuran” davlat korxonasi singari iqtisodiyotimiz tayanchi bo‘lgan jamoalar chetdan sarmoya kiritib, oltin, mis va kumush ishlab chiqarishda yangi-yangi marralarni zabt etmoqda. Qimmatbaho va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortmoqda.

Ushbu taqdimotda muhtaram Prezidentimiz tomonidan bir qator yo‘nalishlarda dolzarb vazifalar belgilandi. Jumladan, bugungi kunda raqamli transformatsiya va “yashil” texnologiyalar sohasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi uqtirildi. Mavjud investitsiyalarni o‘zlashtirish hamda yangi loyihalarni ishlab chiqarishga tezkor tatbiq etish, barcha jabhalarda energiya tejamkorligi va mahsulot tannarxini arzonlashtirishga erishish, eng asosiysi, mehnat unumdorligini ta’minlash kabi bir qator dolzarb masalalar yuzasidan ham aniq ko‘rsatmalar berildi.

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida аna shu ulug‘vor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan “OKMK” Boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovning kombinat ishchi-xizmatchilari va muhandis-texnik xodimlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Kombinat rahbari ta’kidlaganidek, muhtaram Prezidentimizning keyingi uch-to‘rt yilda OKMKga e’tibori, yangi-yangi loyihalar yuzasidan bergan samarali tavsiyalari natijasida barcha korxonalardagi ishlab chiqarish hajmi ortib, mahsulot sifati mukammallashib bormoqda. Ishchi-xizmatchilarning moddiy ta’minoti yil sayin yaxshilanmoqda. Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi kabi korxonalarda mamlakatimiz rahbari ilgari surgan mahalliylashtirish dasturi muvaffaqiyat bilan ishlamoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bu yo‘nalishda yangi-yangi samarali loyihalarni yaratish jarayonlari ham bugun kombinat ishchi-xizmatchilari uchun eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Kombinatda katod misi, oltin va kumush, selen va tellur, sulfat kislotasi, mis kuporosi, ammoniy perrenat, kuydirilgan molibden va volfram mahsulotlarini qayta ishlash, qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli keramika mahsulotlarini ishlab chiqarish, samarali loyihalar asosida investitsiya kiritish, mahsulot eksporti hajmini ko‘paytirish borasida ham tegishli yutuqlar mavjud.
Shuningdek, OKMKda ishni to‘g‘ri tashkil etish, mehnat samaradorligiga erishish, mahsulot tannarxini me’yorlashtirish, elektr energiyasi tejamkorligini ta’minlash borasida yetarli tajribalar to‘plandi.

OKMK rahbari A. Xursanov bugungi uchrashuvda raqamli transformatsiya va “yashil” texnologiyalarni dadil joriy etish, mis katodi ishlab chiqarishni 170 ming tonnaga yetkazish, jamoaning ijtimoiy muhofazasini yil sayin kengaytirib borish kabi bir qator jarayonlarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishini yakuniga yetkazish va infratuzilma obyektlarini o‘z vaqtida topshirish, yangi metallurgiya kompleksi qurilishini jadallashtirish kabi masalalarda ham jo‘yali fikrlar ilgari surildi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bu yil OKMK jamoasining tashabbusi bilan yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan kombinat ishchi-xizmatchilari safarbarlik tizimida ish olib boradilar.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring