Oy borib, omon qayting

16:00 13 Mart 2025 Jamiyat
58 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. “Xalq va armiya – bir tan-u bir jon” degan ezgu gʻoya asosida keng koʻlamli, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, harbiy sohani modernizatsiya qilish hamda zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, davr talablariga javob beradigan chinakam milliy armiyani shakllantirish, qoʻshinlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Zamonaviy harbiy shaharchalar, okrug va garnizonlar, oliy va oʻrta maxsus harbiy taʼlim muassasalari, malaka oshirish markazlari, “Temurbeklar maktabi”, “Vatan tayanchi” otryadlari bugun yoshlarimizning Vatan himoyachisi boʻlishdek sharafli va masʼuliyatli kasbga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirmoqda. Birgina Buxoro viloyati umumtaʼlim maktablaridagi “Vatan tayanchi” harakatiga 10 ming nafardan ziyod oʻquvchi yoshlar qamrab olingan. Yigitlar orasidan eng munosiblari tavsiyanoma asosida muddatli harbiy xizmatga jalb etilmoqda. Bu kabi keng qamrovli ishlarda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal vazifasini oʻtayapti.

Buxoro shahrida navbatdagi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi B.Zaripov ana shular haqida atroflicha toʻxtaldi.

— Buxoro shahridagi “Shirbudin” mahallasidanman, — deydi chaqiriluvchilardan biri Jahongir Mahmudov. — Universitetda axborot texnologiyalari yoʻnalishida sirtdan tahsil olyapman. Milliy armiyamiz safida yigitlik burchini oʻtash imkoniyati tugʻilganidan xursandman. Yengil atletika bilan shugʻullanib kelyapman. 20-umumtaʼlim maktabi hamda oliy oʻquv yurtida ustozlarimdan olgan bilimlarim, kasbiy koʻnikma armiyada asqatadi, albatta.

Davlat va jamoat tashkilotlari masʼullari, faollar, ota-onalar ishtirokida tashkil etilgan marosimda Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondoni, general mayor Farhod Shermatov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi Shodmon Sulaymonov, askar onasi Dilnoza Rahmatova soʻz olib, milliy armiyamizning Vatanimiz sarhadlarini qoʻriqlash, tinchlik-osoyishtaligimizni taʼminlashdagi oʻrni haqida toʻxtaldi, muddatli harbiy xizmatga joʻnab ketayotgan yoshlar el-yurt ishonchini oqlaydi, deya ishonch bildirdi.

Shundan soʻng harbiy qism xizmatchilarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Yigitlik burchini oʻtagani otlangan yigitlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Harbiy orkestr ijrosidagi musiqa sadolari ostida armiya safiga yoʻl olgan yoshlarni barcha “Oy borib, omon qayting” deya kuzatib qoʻydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер